Surxondaryo viloyati hokimi U.Qosimovning Jismoniy tarbiya va sport sohasida oliy ta’lim muassasalari rahbarlari uchun o‘quv-amaliy seminariga KIRISH SO‘ZI
2026-04-22 14:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, hurmatli Adxam Ilxamovich, Kongratbay Avezimbetovich,
hurmatli rektorlar, qadrli mehmonlar!
Avvalo, yurtimizning janubiy darvozasi – qadimiy tarix va boy madaniyatga ega Surxon vohasiga, Termiz shahriga xush kelibsizlar!
Sizdek, yuksak salohiyatli, mamlakatimiz ilm va ta’lim tizimining ustunlari bo‘lgan rektorlarimizni Surxon zaminida ko‘rib turganimdan behad mamnunman.
Barchangizni jismoniy tarbiya va sport sohasida oliy ta’lim muassasalari rahbarlari uchun o‘quv-amaliy seminarining boshlanishi bilan samimiy tabriklayman.
Sizlarning bu tashrifingizni nafaqat Prezidentimizning topshiriqlarining ijrosi, balki kelajakni birgalikda qurishga qaratilgan muhim tadbirlardan biri deb bilaman.
Chunki sizlar – bugungi ta’limni boshqarayotgan rahbarlar emas, balki ertangi jamiyatni, millat kelajagini bunyod etayotgan shaxslarsiz.
Hurmatli ishtirokchilar!
Bugungi seminar Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev raisligida 2026-yil 7-aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalarning amaliy davomi hisoblanadi.
Shuning uchun Davlatimiz rahbari tomonidan sport sohasiga qaratilayotgan e’tibor – bu millat salomatligi, yoshlar tarbiyasi va davlat nufuzini belgilaydigan strategik yo‘nalish sifatida qaralayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Bugungi kunda sportga e’tibor qilinayotganining jiddiy sabablari bor.
Eng avvalo, jamiyatimizda jismoniy faollik darajasi keskin pasayib bormoqda. Ko‘plab yoshlarimizdan tortib, o‘rta va katta yoshli fuqarolarimiz ham kam harakatli hayot tarziga o‘tib qolmoqda.
Bugungi kunda ishlarning katta qismi o‘tirib bajariladigan shaklga o‘tdi: ofislar, kompyuterlar, telefonlar – insonni harakatdan uzoqlashtirmoqda.
Natijada esa:
– yurak-qon tomir kasalliklari,
– ortiqcha vazn va semirish,
– stress va ruhiy charchoq,
– hatto yoshlar o‘rtasida ham sog‘liq bilan bog‘liq muammolar ortib bormoqda.
Eng xavotirlisi, bu holat asta-sekin odatga aylanib qolyapti.
Kasallik ko‘p jamiyat bilan esa rivojlanib bo‘lmaydi, farovon turmush tarzini qurib bo‘lmaydi.
Shuning uchun bu holat bizdan mutlaqo yangi yondashuvni talab qiladi.
Demak bugungi masala – shunchaki sport masalasi emas, bu – millat salomatligi, kelajak avlod sifati masalasidir.
Aziz Ustozlar!
Bu yo‘nalishda, albatta, ilmiy asoslangan yondashuv hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Shu nuqtayi nazardan, Siz ilmiy salohiyat egalari sifatida biz uchun to‘g‘ri yo‘nalish beruvchi va ishonchli hamkorsizlar.
Albatta, bugungi seminarni aynan Termiz davlat universitetida o‘tkazilayotgani ham bejiz emas.
So‘nggi yillarda mazkur oliygoh nafaqat ta’lim va ilm-fan sohasida, balki jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish bo‘yicha ham o‘ziga xos ilg‘or tajribani shakllantira oldi.
Universitetga men ko‘p kelib turaman.
Bu yerda sport infratuzilmasi tizimli ravishda rivojlantirilmoqda, turli sport turlari bo‘yicha klublar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, talabalar ommaviy sportga jalb qilinmoqda.
Qachon qarasangiz sport majmualari to‘la bo‘ladi.
To‘g‘ri, hali bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Lekin meni xursand qilgan narsa bir joyda to‘xtab qolinmagani, tinimsiz harakat bo‘layotgani deb hisoblayman.
Hurmatli oliy ta’lim muassasalari rahbarlari!
Bugungi syeminarda sportga ixtisoslashgan Oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, sport sohasida yuqori natija qayd etayotgan oliygoh rektorlari o‘tiribdi. Ularda ham katta tajriba yig‘ilgan, ilmiy maktablar shakllangan.
Shu ma’noda, Termiz davlat universitetida o‘tayotgan ushbu seminar bugun biz uchun shunchaki bir maydon emas, balki amaliy tajriba almashish maktabi vazifasini bajaradi, degan umiddaman.
Biz ham viloyat rahbari sifatida sizlar bilan yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sog‘lom ovqatlanish madaniyatini joriy etish, sport tibbiyoti, sport psixologiyasi bo‘yicha amaliy tadqiqotlarni kengaytirish hamda ommaviy sportni tashkil etishda hamkorlik qilishdan, sizlardan o‘rganishdan manfaatdormiz.
Biz hozir Termiz davlat universiteti, qolaversa boshqa Oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda anchagina ishlar amalga oshirmoqdamiz.
Masalan, Termiz davlat universitetining Boysun tumanidagi Darband o‘quv-amaliyot bazasiga qo‘shimcha
17 gektar yer ajratildi, u yerda kurash bazasi tashkil etiladi, Termiz tumani hududidan ham universitet ilmiy jamoasiga 19 gektar ilmiy tajriba sinov uchun yer maydoni olib berildi.
Yaqinda universitet yonidagi katta suzish majmuasini universitetga o‘tkazib bermoqdamiz. Universitet shu hududlarni obod qiladi, ishga tushiradi, talabalarlarga sharoit yaratadi. Suzish sportini rivojlantiradi, ommalashtiradi.
Ishonchim komilki, ta’lim, ilm-fan va hududiy imkoniyatlarni birlashtirgan holda biz nafaqat sog‘lom avlodni tarbiyalaymiz, balki yangi taraqqiyot modelini ham shakllantira olamiz.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich ham shunday g‘oyani ilgari surayaptilar, ya’ni “Mahalla – ta’lim muassasasi – sport muassasasi – federatsiya” zanjiri asosida ishlash bugungi kunning eng to‘g‘ri va samarali modeli hisoblanadi.
Barchamizga ma’lumki, Surxondaryo qadimdan allomalar yurti sifatida tanilgan. Bu maskanda boy tarixiy meros, noyob madaniy va turistik ob’yektlar mavjud. Xususan, Hakim at-Termiziy maqbarasi, Sulton Saodat majmuasi, Fayoztepa, Qoratepa, Dalvarzintepa, Kampirtepa hamda Zurmala minorasi kabi tarixiy obidalar viloyatimizning boy o‘tmishi va yuksak madaniyatidan dalolat beradi. Siz, aziz mehmonlarni viloyatimizning ana shunday muqaddas va diqqatga sazovor maskanlarini ziyorat qilib ketishga chorlab qolaman. Rektorimiz A.Toshqulov buni tashkillashtirib beradilar.
Shuningdek, 1–7-may kunlari Boysun tumanida “Boysun bahori” xalqaro folьklor festivali bo‘lib o‘tishi rejalashtirilganini alohida ta’kidlash joiz. Mazkur nufuzli festivalda 40 dan ortiq davlatdan 100 dan ortiq folьklor jamoalarining ishtirok etishi kutilmoqda. Festival doirasida milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etishga qaratilgan ko‘plab tadbirlar o‘tkaziladi.
Fursatdan foydalanib, barcha mehmonlarimizni ushbu betakror madaniy bayramga taklif etib qolamiz.
Hurmatli ishtirokchilar!
Bugungi muloqotlar, fikr almashinuvlar va amaliy tanishuvlar barchamiz uchun katta maktab bo‘ladi, deb ishonaman.
O‘quv-amaliy seminar ishiga muvaffaqiyatlar tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat!
