Termiz tumanida vazifalar ijrosi va loyihalar taqdimoti o‘rganildi
2026-04-08 23:00:00 / Yangiliklar

“Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi doirasida Termiz tumanida qo‘shimcha tanlab olingan beshta mahallada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hududda olib borilayotgan ishlar bilan joyida tanishdi. Tashrif davomida tadbirkorlik va infratuzilma yo‘nalishlarida ishlab chiqilgan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
Taqdim etilgan ayrim loyihalarning puxta ishlanmagani, mas’ullar tomonidan yuzaki yondashilgani keskin tanqid qilindi. Shu munosabat bilan beshta mahalla va ularni o‘zaro bog‘lovchi hududlarda tashkil etiladigan tadbirkorlik ob’yektlari bo‘yicha loyihalarni ilmiy asosda, zamonaviy yondashuvlar asosida qayta ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, Fayoztepa va Qoratepa yodgorlik majmualariga olib boruvchi yo‘llar, hudud va uning atrofini obodonlashtirish, sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan loyihalar ham atroflicha muhokama qilindi.
Prezidentimiz topshiriqlari ijrosi doirasida Fayoztepa majmuasiga olib boruvchi yo‘lni zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilish, kirish qismiga stella o‘rnatish hamda hududdagi bo‘sh yer maydonlarida sanoatlashgan bog‘lar tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
