Surxondaryoda dehqonchilik yangi bosqichda: to‘rt hosilli model amalda
2026-04-07 16:00:00 / Yangiliklar

Surxondaryo viloyati qulay iqlim sharoiti va unumdor tuproqlari bilan qishloq xo‘jaligida yiliga 3-4 martagacha hosil olish imkonini beradi. Vohada to‘plangan bu ilg‘or tajriba Prezidentimiz tashrifi davomida ham alohida e’tirof etilib, uni respublika miqyosida keng ommalashtirish vazifasi belgilab berilgan edi.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Jarqo‘rg‘on tumani Guliston mahallasida aholining tomorqadan samarali foydalanish tajribasi bilan tanishdi.
Mazkur mahallada 777 ta xonadon mavjud bo‘lib, ularning qariyb 90 foizi kartoshkachilik bilan shug‘ullanadi. Umumiy 100 gektar tomorqa yer maydonida kartoshka yetishtirilayotgan bo‘lib, mahalla mirishkorlari yiliga to‘rt martagacha hosil olish amaliyotini samarali yo‘lga qo‘ygan.
Joriy yilda viloyatda kartoshka hosilini fevral oyi boshidan yig‘ishtirib olish boshlangan. Bo‘shagan maydonlarga qayta ekish ishlari amalga oshirilib, ayni paytda kartoshka ekinlari gullash bosqichiga kirgan. Hududda bir qarich ham yerning bekor yotmayotgani alohida e’tirof etildi.
Mahallaning asosiy ekini kartoshka bo‘lib, undan bo‘shagan maydonlarda yana kartoshka ekish bilan birga, almashlab ekish tizimi asosida sarimsoq va yeryong‘oq kabi ekinlar ham joylashtirilmoqda. Bu yondashuv yer unumdorligini saqlash va oshirish, shuningdek, barqaror va yuqori hosildorlikka erishishga xizmat qilmoqda.
Guliston mahallasining tomorqadan samarali foydalanish, qisqa muddatda bir necha bor hosil olish va aholi daromadini oshirish borasidagi amaliy tajribasi bugungi kunda boshqa hududlar uchun namunaviy model sifatida xizmat qiladi.






