Termiz shahrida ko‘p qavatli turar joylarga xizmat ko‘rsatish hamda tibbiyot sohasidagi vazifalar ijrosi o‘rganildi
2026-04-03 10:00:00 / Yangiliklar

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahridagi “Movaro” turar joylar majmuasida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalari universiteti talabalari tomonidan tashkil etilgan servis boshqaruv kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi.
Jarayonda hududni obodonlashtirish, sanitariya holatini yaxshilash, chiqindilarni samarali boshqarish hamda servis xizmatlarini sifatli tashkil etish ishlari ko‘zdan kechirildi.
Mas’ullarga faoliyatni tizimli yo‘lga qo‘yish, yangi ish o‘rinlari yaratish va ular orqali talabalar bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Shuningdek, hududda zamonaviy infratuzilmani shakllantirish va uning me’moriy qiyofasini yaxshilash yuzasidan vazifalar belgilab berildi.
Shundan so‘ng, Balx viloyati Savdo-sanoat palatasi raisi, “Gazanfar Group” kompaniyasi rahbari Gʻazanfar Muhammad Ibrohim hamda O‘zbekistonning Mazori Sharif shahridagi Bosh konsuli Jafar Fattoyev ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, eksport-import hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, farmasevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va to‘qimachilik sanoati sohalarida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Uchrashuv yakunida qator yo‘nalishlar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Keyingi manzilda o‘tgan haftada berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan “Kelajak markazi” binosini rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, viloyat hokimi o‘rganishlar davomida viloyat perinatal markazi faoliyati bilan ham tanishdi. Jumladan, telemedisina texnologiyalari asosida boshqa tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikda murakkab yuqori texnologiyali operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Mas’ullarga barcha markaziy tibbiyot muassasalarida telemedisina tizimini joriy etish, onalar va bolalar o‘limini keskin kamaytirish, bu borada shaxsiy mas’uliyatni oshirish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.
O‘rganishlar davomida viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati ham ko‘zdan kechirildi. Volontyor yoshlar tomonidan bu yerda davolanayotgan bolalarga sovg‘alar topshirildi.
Shuningdek, Onkologiya va gematologiya markazi faoliyati bilan tanishilib, ta’lim uzluksizligini ta’minlash maqsadida bemor bolajonlar uchun yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan tanishildi.


