Termiz shahrida cherkovni ta’mirlash, renovatsiya hamda tadbirkorlik loyihalari ijrosi o‘rganildi
2026-04-01 11:00:00 / Yangiliklar

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlarga tashrifini yakunlab, Termiz shahrida o‘rganish ishlarini davom ettirdi.
Dastlab, shaharda joylashgan Aleksandr Nevskiy cherkovini restavratsiya qilish va uning atrofini obodonlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, Shodlik mahallasi hududidagi eski ko‘p qavatli turar joylarni renovatsiya asosida qayta qurish jarayonlari bilan tanishildi. Viloyat rahbari mazkur loyihalarni jadallashtirish, shuningdek, boshqa hududlarda ham aholi bilan kelishgan holda, ularning roziligi asosida eski uy-joylar o‘rnida zamonaviy, qulay va barcha sharoitlarga ega turar joylar barpo etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berdi. Bunda, eng avvalo, aholining roziligini ta’minlash muhim ekani alohida ta’kidlandi.
Shundan so‘ng, “Taxmuraz” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan, umumiy qiymati 3 million dollarlik umumiy ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish va turizm ob’yektlarini o‘z ichiga olgan loyiha qurilishi bilan tanishildi. O‘tgan yilgi o‘rganishlarda yosh tadbirkorning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash natijasida mebelchilikni rivojlantirgani hamda qisqa vaqt ichida yangi tashabbuslarni ham amalga oshirgani qayd etildi. Xususan, “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i filiali tashkil etilib, yirik oziq-ovqat mahsulotlari bazasi shakllantirilgan.
Endilikda amalga oshirilayotgan mazkur loyihaga ham taniqli xorijiy brendlarni jalb etgan holda faoliyatini yanada kengaytirish va uni yangi bosqichga olib chiqish ustida ish olib bormoqda. Viloyat rahbari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, zarur ko‘maklarni ko‘rsatish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, o‘rganish ishlari davomida shahardagi istirohat bog‘larini zamonaviy talablar asosida jihozlash, yirik favvoralarning uzluksiz ishlashini ta’minlash orqali ular atrofida ko‘ngilochar tadbirlar va konsert dasturlarini tashkil etish yuzasidan Termiz shahar hokimi va mas’ullarga aniq vazifalar yuklandi.
