Angorda daraxt ko‘chatlari ekildi hamda Qiziriqda muhim loyihalar ko‘zdan kechirildi
2026-04-01 10:00:00 / Yangiliklar

Bugun Prezidentimiz “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etib, Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berdi. Tadbir respublika bo‘ylab keng qamrovda tashkil etilib, 14 ta hudud studiyalari videoaloqa orqali ulandi va joylarda ham yashil hududlar barpo etish ishlari boshlandi.
Davlatimiz rahbarining yaqinda imzolagan farmoniga muvofiq, 2030 yilga qadar respublikada yashillik darajasini 30 foizga, jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil hududlar hajmini esa 10 kvadrat metrga yetkazish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Ushbu maqsadlar doirasida hududlarda yirik ekologik loyihalar izchil amalga oshirilmoqda. Jumladan, Surxondaryo viloyatida 10 ming gektar maydonda “yashil makon” barpo etish rejalashtirilgan.
Surxondaryo viloyati studiyasidan viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, nuroniylar, faollar va mutasaddilar Angor tumanida tashkil etilayotgan “yashil belbog‘” loyihasi hududida daraxt ko‘chatlari ekishdi.
Shundan so‘ng, Qiziriq tumanida Takiya ota ziyoratgohini obodonlashtirish, uning atrofida savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarini tashkil etish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi bilan tanishildi. Mas’ullar ushbu ishlar, shuningdek, tumanda “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan axborot berdi. Infratuzilmani yaxshilash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, “Asil-Avto-Servis” MCHJ tomonidan qurilgan xususiy klinikani jihozlash ishlari ko‘zdan kechirilib, tadbirkorning kredit bilan bog‘liq muammolarini hal etish yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.
Keyingi manzilda viloyat hokimi aholi bandligini ta’minlash va eksportni qo‘llab-quvvatlash vazifalari doirasida mahallalardagi hokim yordamchilari, logistika markazlari va ishlab chiqarish loyihalari rahbarlari, shuningdek, ta’lim va tibbiyot muassasalari hamda harbiy qismlarga autsorsing xizmati ko‘rsatuvchi korxonalar mas’ullari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida 31 nafar ishsiz fuqaroga ssuda asosida mahallalarda yetishtirilayotgan mahsulotlarni jamlash va tashish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida motorollerlar topshirildi.
Muloqot davomida ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish, eksportni kengaytirish, shuningdek, autsorsing xizmatlari orqali oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishning bugungi holati muhokama qilindi. Ta’minotchi korxonalar faoliyatini qat’iy nazoratga olish, oziq-ovqatlar tarkibida tabiiy mahsulotlar ulushini oshirish, sifatsiz va zararli mahsulotlarni iste’moldan chiqarish hamda sifat nazoratini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Viloyat rahbari hududlardagi ta’lim muassasalarida oziq-ovqat ta’minoti bilan bog‘liq kuzatilgan holatlarni qayd etib, bunday holatlarning oldini olish maqsadida SES, tibbiyot va boshqa mutasaddi idoralarga ta’minot jarayonlarini qat’iy nazoratga olish, mahsulot sifati va yaroqlilik muddatini ta’minlash yuzasidan vazifalar belgilab berdi.
