Jarqo‘rg‘on tumaniga yangi hokim tayinlandi
2026-03-27 14:00:00 / Yangiliklar

Bugun Xalq deputatlari Jarqo‘rg‘on tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda istiqboldagi ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritdi.
Sessiyada Jarqo‘rg‘on tumani hokimi vazifasida ishlab kelgan Elmurod Avazov egallab turgan lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi.
Viloyat rahbari tomonidan Jarqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimiga Saparov Ilhom Ochilovich nomzodi taklif etildi. Mazkur nomzod Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari tomonidan ma’qullandi.
Ma’lumot uchun, Ilhom Saparov 1975-yilda Termiz tumanida tug‘ilgan. 2002-yilda Termiz davlat universitetining bakalavriat, 2011-yilda magistratura bosqichini tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida Surxondaryo viloyati O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, Xalq ta’limi hamda Madaniyat boshqarmalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. Tayinlovga qadar esa Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.



