Termizda Surxondaryo – Shansi biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
2026-03-26 22:00:00 / Yangiliklar

Bugun Termiz shahrida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida Surxondaryo (O‘zbekiston) – Shansi (Xitoy) biznes-forumi tashkil etildi.
Dastlab, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz xalqaro aeroportida Xitoy Xalq Respublikasidan tashrif buyurgan delegatsiya a’zolari bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi. Unda o‘zaro hamkorlik istiqbollari, qo‘shma investitsiya loyihalarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilinib, viloyat rahbari forum ishtirokchilariga muvaffaqiyat tiladi.
Shundan so‘ng, mehmonlar universitet huzurida tashkil etilgan, Surxondaryo viloyatining geologik salohiyatini aks ettiruvchi muzey bilan tanishdilar.
Biznes-forum doirasida hududlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan amaliy muzokaralar o‘tkazildi. Shuningdek, Surxondaryo viloyatining iqtisodiy, investitsiyaviy va eksport salohiyati bo‘yicha taqdimot namoyish etildi.
Muzokaralar yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga qaratilgan qator kelishuvlarga erishildi.









