Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning “Mahalla tizimi xodimlari kuni”ga bag‘ishlangan tadbirdagi NUTQI
2026-03-24 10:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, hurmatli mahalla fidoiylari, aziz soha faxriylari!
Avvalo, Siz azizlarni, sizlarning timsolingizda mahalla tizimida fidokorona mehnat qilayotgan barchani Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etaman. Shuningdek,muqaddas Ramazon hayiti – Iyd al-Fitr hamda Navro‘zi olam munosabati bilan chin qalbimdan tabriklayman
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
So‘nggi kunlarda yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik va yangilanish jarayonlariga guvoh bo‘layotgan har bir fuqaro qalbida cheksiz quvonch va minnatdorlik tuyg‘ulari jo‘sh urmoqda. Nafaqat mamlakatimiz, balki butun jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilayotgan poytaxtimizda barpo etilgan muhtasham Islom sivilizatsiyasi Markazining foydalanishga topshirilishi, shuningdek, Samarqand shahrida buyuk muhaddis alloma Imom Buxoriy hazratlarining muqaddas maqbarasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari xalqimizning milliy qadriyatlarga bo‘lgan yuksak ehtiromining yorqin ifodasiga aylandi.
Bu kabi ulkan bunyodkorlik ishlari yurtimizning nafaqat iqtisodiy, balki ma’naviy jihatdan ham yangi bosqichga ko‘tarilayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
Aziz do‘stlar!
Ulug‘ ayyom arafasida Prezidentimizning tegishli Farmoni bilan mamlakatimizda o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish, mahallaning Yangi O‘zbekiston hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada yuksaltirish, yurtimizda keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish orqali inson qadrini ulug‘lash, mahallabay ishlash tizimini samarali yo‘lga qo‘yish kabi vazifalarni sidqi-dildan bajarib, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishlariga qo‘shgan munosib hissasi uchun bir guruh yurtdoshlarimiz davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlandilar.
Shu jumladan:
- Angor tumanidagi «To‘lqin» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Raxmonov Erkin Xollievich - «Do‘stlik» ordeni bilan;
- Jarqo‘rg‘on tumanidagi «Young Adults» o‘quv markazi direktori Abdullaev Yigitali Saydullo o‘g‘li - «Kelajak bunyodkori» medali bilan;
- Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi, bosh otinoyisi Kasimova Xasiyat Ulukovna - «Shuhrat» medaliga sazovar bo‘ldi.
Fursatdan foydalanib, ulug‘ ayyom arafasida yuksak unvon, orden va medal bilan taqdirlangan barcha yurtdoshlarimizni chin yurakdan muborakbod etamiz!
Qadrli mahalla fidoiylari,
O‘tgan yili viloyatimiz mahalla tizimida e’rofga sazovor bo‘lgan yutuqlardan yana biri — “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida “Obod ko‘cha” nominatsiyasi bo‘yicha Uzun tumani “Yangi ro‘zg‘or” mahallasi Shokirjon Rahimov ko‘cha boshisi Raximov O‘tkir Shokirjonovich 1-o‘rin sohibi bo‘ldi.
Shuningdek, “Obod xonadon” nominatsiyasida Termiz tumani “Qaxramon” mahallasida yashovchi xonadon egasi Xalbaev Babayor Mamatovich respublika bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi — avtomobil bilan taqdirlandi.
Bu yutuq bilan ham barcha vohadoshlarimizni tabriklayman.
Aziz tadbir ishtirokchilari!
Kuni kecha hurmatli Prezidentimiz Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimda oila va jamiyatda tinchlik-totuvlikni mustahkamlash, o‘zaro mehr-oqibatni yuksaltirish, ijtimoiy muammolarni joyida hal etish, ezgulik va adolatni qaror toptirishda “mahalla yettiligi” hamda faol fuqarolarimizning hissasini alohida e’tirof etdi.
So‘nggi yillarda xalqimizning muammolariga yechim topish maqsadida mahalla tizimini takomillashtirishda mamlakatimizda mustahkam baza yaratildi. Buning natijasida mahalla raislari va faollar to‘y va marakalarda qatnashadigan shaxslardan aholi muammolarini hal eta oladigan vakolatli insonlarga aylandi.
2025 yilda “Mahalla jamg‘armasi”ga qariyb 54 mlrd so‘m mablag‘ tushirilib, ushbu mablag‘ mahallalar obodligi va xalq farovonligi uchun sarflangani bu fikrimizni tasdig‘i bo‘la oladi.
Bundan tashqari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida so‘nggi ikki yilda namunaviy loyihalar asosida 115 ta yangi bino qurib berildi.
Hurmatli mahalla tizimi xodimlari!
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida katta dastur va rejalar belgilab berildi. Barcha hududlarimizga, qishloq va mahallalarimizga Yangi O‘zbekiston nafasini olib kirish bo‘yicha katta harakat boshlandi.
Birgina viloyatimizga muhtaram Prezidentimizning o‘tgan oydagi tashriflarida mazkur yo‘nalishda ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqish uchun 15 trillion so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi. Bu mablag‘ viloyatimizda iqtisodiyot va jamiyat faoliyatini ta’minlashga xizmat qiladigan muhim infratuzilma tarmoqlari — avtomobil yo‘llari va magistrallar, temir yo‘l tarmoqlari, havo transporti, energiya ta’minoti, suv va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Aziz do‘stlar!
Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan joriy etilgan “Kambag‘allikdan farovonlik” sari dasturi doirasida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlari yangi bosqichga olib chiqildi.
O‘tgan 2025 yilda 60 mingdan ortiq oilani kambag‘allikdan chiqarib, vohaning kambag‘allik darajasi 4,5 foizga tushirildi. Bu yil esa 67 ming yangi ish o‘rni yaratish va 20 ming oilani kambag‘allikdan chiqarib, kambag‘allik darajasini 2,8 foizga tushirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Ushbu dasturni amalga oshirish va mahallalarni kambag‘allikdan holi hududga aylantirishda Sizlarning tashabbuskorligingiz alohida ahamiyatga ega. O‘ylaymanki, bu borada ham fidoyilik ko‘rsatib, vohamizda bu jabhadagi ishlarni birgalikda namunali amalga oshiramiz.
Hurmatli mahalla fidoyilari!
Mahalla yettiligi tashabbuskor bo‘lib, davlatimiz yaratib berayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalansa, mahallalar janoyatchilikdan ham, kambag‘allikdan ham xoli hududga aylanadi. Bu borada namuna ko‘rsatayotgan mahalla faollarimiz alohida e’tirofga munosib.
Shu bilan birga, faoliyatida tub burilish yasashi zarur bo‘lgan tizim xodimlarimiz ham mavjud. O‘ylaymanki, bugundan boshlab ular ham o‘z ishlarini namunali tashkil etadilar.
Yana bir muhim masala — Ijtimoiy himoya tizimini mahalla darajasida samarali yo‘lga qo‘yish uchun ham yangi va yaxshi tashabbuslarni kutib qolamiz.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Aziz do‘stlar!
Bugungi keskin va shiddatli globallashuv davrida yurtimizda o‘zaro ahillik va totuvlik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik tamoyillarini, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylashda mahallalarning o‘rni tobora ortib bormoqda. Shunday pallada mahallani barcha masalalarni hal etadigan chinakam xalqchil idoraga aylantirish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Buning uchun bu institutni har tomonlama rivojlantirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga bundan buyon ham barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Hurmatli mahalla tizimi xodimlari!
Muhtaram faxriylarimiz!
Ishonchim komilki, hurmatli Prezidentimizning kechagi murojaatlariga labbay deb, ko‘chat ekib, mahallalarimizni obod qilib, yaxshi qo‘shnichilik, ahilligimiz va ezgu ishlarimiz bilan yuksak marralarga intilayotgan xalq ekanimizni dunyoga namoyon etamiz.
Xalq ishonchini oqlash, unga munosib bo‘lish – dunyodagi eng ulug‘ baxtdir. Shunday baxt, shunday sharaf hammangizga nasib etsin!
Sizlarni bugungi qutlug‘ bayram bilan yana bir bor muborakbod etar ekanman, barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga fayz-u baraka, mas’uliyatli faoliyatingizda yangi yutuq va omadlar tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat!
