Surxondaryoda mahalla tizimi xodimlari sharaflandi
2026-03-22 23:00:00 / Yangiliklar

Mahalla institutining jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, uning huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasini rivojlantirish hamda kadrlar salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar doirasida mamlakatimizda 22-mart — "Mahalla tizimi xodimlari kuni" etib belgilangan.
Mazkur sana munosabati bilan bugun Sho‘rchi tumanida viloyatda mahalla tizimida fidokorona mehnat qilayotgan ilg‘or xodimlar ishtirokida bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, soha xodimlarini kasb bayrami bilan samimiy tabrikladi hamda ularning jamiyatdagi tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, aholi farovonligini oshirish yo‘lidagi xizmatlarini alohida e’tirof etdi.
Tadbir davomida Prezidentimizning tegishli Farmoniga muvofiq mukofotlangan surxondaryolik 3 nafar mahalla tizimi xodimlariga orden va medallar topshirildi. Shuningdek, mahallalarni obodonlashtirish, "mahalla yettiligi" faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish hamda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishga qo‘shgan hissasi uchun bir guruh xodimlar "Mahalla iftixori" ko‘krak nishoni, viloyat hokimligining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir bayramona dasturxon atrofida davom etib, san’atkorlarning chiqishlari bilan ko‘tarinkilik kasb etdi.








