Qurilish sohasidagi loyihalar ijrosi o‘rganildi
2026-03-09 13:00:00 / Yangiliklar

Bunyodkorlik maydoniga aylangan Termiz shahrida turar joylar barpo etish bilan bir qatorda aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan yirik ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish loyihalari ham amalga oshirilmoqda. Mazkur obyektlarda qurilish jarayonlari ustidan olib borilayotgan qat’iy nazorat kelgusida ularning uzoq yillar davomida xavfsiz va barqaror faoliyat yuritishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahrining "Surxon sohili" mahallasida "Surxon sanoat qurilish" kompaniyasi tomonidan barpo etilayotgan "Temirchilik klasteri" qurilishida ushbu jihatlarga e’tibor qaratildi. Jarayonda ishlar loyiha-grafigidan ortda qolayotgani, bu esa yangi ish o‘rinlari yaratilishi kechikishiga sabab bo‘layotgani tanqid qilindi. Mas’ullarga loyiha ijrochisi bilan birgalikda qo‘shimcha kuch va resurslar jalb etgan holda qurilish ishlarini jadallashtirish vazifasi yuklatildi.
Shundan so‘ng "Yangi Termiz siti" majmuasida amalga oshirilayotgan turar joylar, tijorat va ijtimoiy obyektlar qurilishi ko‘zdan kechirildi. Shu yerning o‘zida mutasaddilar tomonidan 2026-yilda 13 015 xonadonli 123 ta ko‘p qavatli turar joy qurilishi hamda ularni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan taqdimot qilindi.
Viloyat rahbari shaharda olib borilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan birga ayrim talab va me’yorlarga rioya etilmayotganiga ham e’tibor qaratdi. Jumladan, sanoat va qurilish obyektlarida yuk mashinalarining ortiqcha yuklama bilan harakatlanishi yo‘llar holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganiga mas’ullar tomonidan yetarlicha e’tibor berilmayotgani tanqid qilindi.
Shuningdek, xususiylashtirish dasturlarining sifatli amalga oshirilmagani sababli ayrim obyektlar hanuzgacha bo‘sh turgani, investitsiya majburiyatlari bajarilmagani natijasida ko‘zlangan ish o‘rinlari yaratilmagani va mahalliy byudjetga tushumlar ta’minlanmayotgani qayd etildi. Mas’ullarga bir hafta muddatda taqdim etilgan loyihalardagi kamchiliklarni bartaraf etish, xususiylashtirish jarayonlarida yo‘l qo‘yilgan xatolarni bartaraf qilish hamda bo‘sh obyektlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish vazifasi yuklatildi.









