Angor tumanida "yashil belbog‘" va turizm ko‘chasi loyihalari ijrosi o‘rganildi
2026-03-02 17:00:00 / Yangiliklar

Ekologik barqarorlikni ta’minlash va chang-to‘zon ta’sirini kamaytirish maqsadida Angor tumanida 220 gektar maydonda 16 million tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan "Yashil belbog‘" loyihasi amalga oshirilmoqda.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hududda bo‘lib, ko‘chatlarni parvarishlash, samarali sug‘orish tizimlarini joriy etish hamda maydonlarga bog‘bonlarni biriktirish ishlari holatini ko‘zdan kechirdi. Ekilgan har bir ko‘chatning saqlanishi va o‘sishi uchun mas’uliyatni kuchaytirish, ishlarni tizimli va sifatli tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, ekologik barqarorlikni mustahkamlash va "Yashil makon" umummilliy loyihasining bahorgi mavsumida ko‘chat ekish ishlarini puxta tashkil etish masalalari muhokama qilinib, mutasaddilarga tegishli vazifalar belgilab berildi.
Tashrif doirasida tumanning Navro‘z mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi kanal bo‘ylab barpo etilayotgan, tunu-kun faoliyat yuritishga mo‘ljallangan turizm ko‘chasi qurilishi ham ko‘zdan kechirildi. Loyihalar ijrosi yuzasidan mas’ullar axborot berdi.









