Surxondaryoda yoshlarning startap loyihalari qo‘llab-quvvatlanmoqda
2026-02-17 20:45:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, sun’iy intellekt va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini oshirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.
Ushbu vazifalar ijrosi doirasida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Angor tumanida faoliyat yuritayotgan "IT. Sun’iy intellekt. Tadbirkorlik" o‘quv markazida bo‘lib, yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan startap loyihalar va raqamlashtirish dasturlari taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimot davomida SMM maktabini tashkil etish loyihasi, xususiy klinikalar uchun raqamli boshqaruv dasturi, logistika markazlari faoliyatini raqamlashtirish tizimi, sun’iy intellekt asosida xorijiy tillarni o‘qitish platformasi, shuningdek qishloq xo‘jaligini raqamlashtirishga qaratilgan dasturiy yechimlar namoyish etildi.
Shu bilan birga, viloyat hokimining raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchisi tomonidan viloyat hokimligi hamda tegishli tashkilotlar faoliyatini bosqichma-bosqich raqamlashtirish yuzasidan ishlab chiqilayotgan dasturlar haqida axborot berildi.
Viloyat rahbari yoshlar tashabbuslarini amaliy bosqichga olib chiqish, ularni moliyaviy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi. Barcha hududlardan iqtidorli yoshlarni saralab olish, g‘oya va tashabbuslarni rag‘batlantirish, startap loyihalarni keng joriy etish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.






