Og‘ir toifadagi mahallalarda kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi
2026-02-17 16:15:00 / Yangiliklar

Prezidentimiz topshiriqlari ijrosi doirasida Surxondaryo viloyatida arxitektura va qurilish yo‘nalishida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar 114 ta og‘ir toifadagi mahallaga biriktirilib, mutaxassislar ko‘magida hududlarni kompleks rivojlantirishga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan edi.
Shu munosabat bilan viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahrining "A. Jomiy" mahallasida bo‘lib, Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti talabalarining avvalgi muhokamalardagi tavsiyalar asosida ustozlari ko‘magida ishlab chiqilgan "A. Jomiy" va "Jo‘yjangal" mahalla fuqarolar yig‘inlarining loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotlar davomida hududlarning me’moriy qiyofasini yaxshilash, yo‘l-transport hamda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilishga oid aniq hisob-kitob va takliflar ilgari surildi. Viloyat rahbari amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan ishlanmalarni bosqichma-bosqich tatbiq etish yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifalar belgilab berdi.
Shuningdek, master-rejalar doirasida ichki yo‘llarni yaxshilash, yomg‘ir va oqova suvlar tizimini tartibga solish, beton ariqlar barpo etish ishlarini jadallashtirish hamda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari alohida qayd etildi.




