Qumqo‘rg‘onda sanoat salohiyati va uy-joy qurilishi o‘rganildi
2026-02-16 21:25:00 / Yangiliklar

Hududiy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, eksport hajmini oshirish va barqaror ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan investitsiya loyihalarining ijrosi joylarda tizimli o‘rganilmoqda.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Qumqo‘rg‘on tumaniga ham tashrif buyurib, "Qumteks" erkin sanoat zonasidagi to‘qimachilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Korxonada mato to‘qish va bo‘yashning to‘liq texnologik zanjiri yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ayni vaqtda mahsulotlarning asosiy qismi Germaniya buyurtmasi asosida ishlab chiqarilmoqda va eksportga yo‘naltirilgan. Bu esa hududning tashqi savdo salohiyatini mustahkamlash, qo‘shimcha qiymat yaratish va bandlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Tashrif davomida ishlab chiqarish quvvatlarini bosqichma-bosqich kengaytirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlari tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, Bog‘aro mahallasida barpo etilayotgan ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi ko‘zdan kechirildi. Hududda jami 19 ta uy-joy qurish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda 4 ta 5 qavatli va 1 ta 7 qavatli bino qurish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Qurilish ishlarini sifatli va belgilangan muddatlarda yakunlash, texnik me’yorlarga qat’iy rioya qilish hamda doimiy nazoratni ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.








