Angor tumanida "Yashil makon" umummilliy loyihasi ijrosi o‘rganildi
2026-02-09 20:20:00 / Yangiliklar

Xabar berilganidek, Surxondaryo viloyatida 10 ming gektar maydonda "yashil makon" yaratish vazifalari doirasida Angor tumanida tanlab olingan 220 gektar yer maydonida 16 million tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, "yashil belbog‘" barpo etilmoqda.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov mazkur loyiha ijrosini joyida o‘rgandi. Daraxt ekish ishlari yakuniy bosqichga kirgan mazkur hududda mas’ullar tomonidan ko‘chatlarni parvarishlashni samarali tashkil etish, tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish hamda har bir ajratilgan maydonga aniq mas’ullarni biriktirish ishlari bo‘yicha axborotlar taqdim etildi.
Shuningdek, tumanning Qoraqir mahallasida mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘lining ikki tomoni bo‘ylab joylashgan adirlik hududdagi 100 gektar maydonda iqlim va tuproq sharoitlariga mos bo‘lgan besh turdagi manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari ham ko‘zdan kechirildi.
Mazkur loyiha ham "yashil belbog‘" vazifasini bajarishga qaratilgan bo‘lib, kuchli shamollar ta’sirida chang-to‘zonlar ko‘tarilishining oldini olishga xizmat qiladi.









