Angorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport jarayonlari o‘rganildi
2026-02-05 19:05:00 / Yangiliklar

Surxondaryo viloyatining qulay iqlim sharoiti va unumdor tuproqlari tufayli hududda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yil davomida yetishtirish va eksportga yo‘naltirish imkoniyatlari kengaymoqda.
Bugun viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov aholining ushbu yo‘nalishda to‘plagan tajribasi bilan tanishish maqsadida Angor tumaniga tashrif buyurdi. Xususan, Bahor mahallasida yashovchi Yusuf Shobirov va Shavkat Pirmatov xonadonida qizil karam, tosh karam, gulkaram, brokkoli, Xitoy karami, lavlagi va daykon kabi mahsulotlarni yetishtirish jarayonlari o‘rganildi.
Mahalladagi deyarli barcha xonadonlarda ushbu turdagi mahsulotlar yil davomida yetishtirilib, xorijiy davlatlarga eksportga yo‘naltiriladi. Viloyat rahbari ushbu tajribani ommalashtirish, aholini mahsulot yetishtirishda qo‘llab-quvvatlash va eksport jarayonlarini yanada qulaylashtirish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, mahallada meva-sabzavot mahsulotlarini yig‘ib-terib olish jarayonlari bilan tanishildi. Tashrif davomida viloyat O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasining faoliyati va kelgusida amalga oshiriladigan rejalari yuzasidan axborotlar tinglanib, tegishli vazifalar belgilandi.









