Jarqo‘rg‘onda sog‘liqni saqlash va yoshlar bilan ishlash vazifalari ijrosi o‘rganildi
2026-02-04 21:35:00 / Yangiliklar

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Jarqo‘rg‘on tumaniga tashrifining keyingi manzilida tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika faoliyati bilan tanishdi. Tibbiyot muassasasida yaratilgan shart-sharoitlar hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati ko‘zdan kechirildi.
Muassasada ikki kun davomida viloyatdagi malakali shifokorlar va zamonaviy tibbiy jihozlarni jalb etgan holda aholi uchun bepul chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar tashkil etilgan.
Viloyat rahbari bunday amaliyotlarni tizimli ravishda va barcha hududlarda yo‘lga qo‘yish, kasalliklarni davolashdan ko‘ra, ularning oldini olishga alohida e’tibor qaratish muhimligini ta’kidlab, mas’ullarga tegishli vazifalarni belgilab berdi.
Shundan so‘ng, tumanning Qo‘shtepa mahallasida yoshlarga auksion orqali ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish bo‘yicha avvalgi tashrifda berilgan topshiriqlar ijrosi o‘rganildi. Mas’ullar ajratilgan yerlarda daraxt ko‘chatlari va turli ekinlarni ekish ishlari, shuningdek, yoshlarga tajribali dehqonlarni biriktirish yuzasidan axborot berdilar.
Har bir yosh bilan manzilli ishlash, yer maydonlaridan oqilona foydalanish hamda daromadli ekinlar yetishtirish orqali yoshlarni qo‘shimcha daromad manbalari bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.







