Jarqo‘rg‘on tumanida ijtimoiy himoya tizimidagi vazifalar ijrosi o‘rganildi
2026-02-04 18:35:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, kambag‘allikni qisqartirish, inklyuziv ta’lim va bandlikni ta’minlashga qaratilgan dasturlarni izchil amalga oshirmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi vazifalar davlat siyosati darajasida belgilab olingan bo‘lib, ularni samarali ijro etish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi hamda hududlarda tashkil etilgan "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati bilan tanishish maqsadida Jarqo‘rg‘on tumaniga tashrif buyurdi. Tashrif davomida markaz faoliyati, amalga oshirilayotgan yangi tashabbuslar hamda kelgusidagi rejalar yuzasidan viloyat boshqarmasi va tuman mas’ullari tomonidan batafsil axborot berildi.
Shuningdek, shahar va tumanlarda ijtimoiy himoya tizimini samarali tashkil etish, kambag‘allikni qisqartirish, nogironligi bo‘lgan fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholini kitobxonlikka hamda foydali mashg‘ulotlarga jalb etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Shundan so‘ng, tumanning Do‘stlik mahallasida kambag‘al oilalar reestriga kiritilgan oilalar farzandlarini fan to‘garaklariga jalb etib kelayotgan "AKHMAD AKADEMY" MCHJ faoliyati bilan tanishildi. Tashrif davomida o‘quv markazi faoliyatini yanada samarali tashkil etish, shuningdek, uni viloyatning boshqa hududlarida ham yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.





