Surxondaryo viloyati hokimi bo‘lajak arxitektorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi
2026-02-03 10:00:00 / Yangiliklar

Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlardagi og‘ir toifadagi mahallalarga muhandislik va arxitektura yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalarni biriktirish, ularning loyiha takliflari asosida aniq amaliy ishlar tashkil etish vazifalari belgilab berilgan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining arxitektura va qurilish yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda viloyatning 12 ta hududida tanlab olingan 86 ta og‘ir toifadagi mahallalarga biriktirilgan 600 nafardan ortiq talaba yoshlar ishtirok etdi. Viloyat rahbari talabalarga biriktirilgan mahallalarda amalga oshiriladigan vazifalar, ulardan kutilayotgan aniq natijalar haqida atroflicha tushuntirish berib, hududlarning infratuzilmasini yaxshilash hamda zamonaviy qiyofasini shakllantirish bo‘yicha kreativ yondashuvlar asosida loyiha takliflari ishlab chiqish vazifasini belgilab berdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur jarayon orqali talabalar o‘zlarining nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirib, arxitektura va qurilish sohasidagi kasbiy ko‘nikma va tajribalarini yanada oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, uchrashuvda belgilangan vazifalarni namunaviy bajargan, tashabbuskorligi va salohiyati bilan ajralib turgan 20 nafar talaba zamonaviy arxitektura sohasida ilg‘or tajribaga ega bo‘lgan beshta xorijiy davlatga malaka oshirish va tajriba almashish uchun yuborilishi ma’lum qilindi.
Uchrashuvdan so‘ng Termiz tumanidagi "Yangi O‘zbekiston" massiviga tutash hududda barpo etilayotgan yoshlar sanoat zonasida loyihalarni joylashtirish bo‘yicha taqdimot ko‘rib chiqilib, mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.









