Termiz tumanida "Taraqqiyot va yetakchilik maskani" dasturi ijrosi o‘rganildi
2026-01-26 23:55:00 / Yangiliklar

Prezidentimiz qarori bilan tasdiqlangan "Taraqqiyot va yetakchilik maskani" dasturi doirasida Termiz tumanidan qo‘shimcha beshta mahalla tanlab olinib, ularda "Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla" konsepsiyasi asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Infratuzilmani qisqa muddatda yaxshilash va aholi turmush farovonligini oshirish maqsadida mazkur mahallalarga viloyat hamda tuman tashkilotlari mas’ul etib biriktirilgan bo‘lib, bajarilayotgan ishlar sifat va samaradorlik nuqtayi nazaridan doimiy nazoratga olingan.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida o‘tkazilgan muhokamada mahallalarda amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari ijrosi hamda belgilangan vazifalarning bajarilishi atroflicha muhokama qilindi.
Ushbu mahallalarda ichki yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi tarmoqlarini tortish, piyodalar yo‘laklari barpo etish, tungi yoritish tizimini o‘rnatish hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar taqdimoti ko‘rib chiqildi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq ko‘rsatma va tavsiyalar berilib, ishlarni jadallashtirish topshirildi.






