Surxondaryoda Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlarimizning 34 yilligi tantanali nishonlandi
2026-01-14 14:20:00 / Yangiliklar

Bayram tadbirlari Termiz shahridagi Xotira maydonida boshlandi. Unda viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ofitser va serjantlar, harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Harbiy orkestr sadolari ostida “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo‘yilib, Vatanimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasi yod etildi.
Shundan so‘ng Termiz shahridagi “San’at saroyi” majmuasida tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi — Harbiy-ma’muriy sektor rahbari Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, yig‘ilganlarni Qurolli Kuchlarimizning 34 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy tabrikladi.
Tadbir davomida Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda fidokorona xizmat qilayotgan bir guruh xodimlar viloyat hokimining faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, viloyat hokimiga Milliy gvardiya qo‘mondonining "Namunali xizmatlari uchun" I darajali ko'krak nishoni topshirildi.
Bayram yakunida Qurolli Kuchlar orkestr va ansambllari hamda viloyat Madaniyat boshqarmasi san’atkorlari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi yurtimiz posbonlariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.









