Surxondaryolik bolajonlarga "Prezident sovg‘asi" topshirildi
2025-12-25 13:45:00 / Yangiliklar

Bugun yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, viloyatimiz shahar va tumanlarida ham "Prezident archasi" teatrlashtirilgan bayram tomoshalari boshlandi.
Xususan, Termiz shahridagi "Iceberg" ko‘ngilochar maskanida o‘tkazilgan bayram tadbiri shukuhli va esda qolarli voqealarga boy bo‘ldi. Unda 3–15 yoshdagi ota-ona qarovisiz qolgan bolalar, 18 yoshgacha bo‘lgan oilaviy bolalar uylari va "Muruvvat" uyi tarbiyalanuvchilari, shuningdek, ota-onalari Vatan tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan xodimlarning farzandlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bolajonlarni yurtboshimiz nomidan Yangi yil bayrami bilan tabriklab, 24 turdagi o‘quv qurollari va 34 turdagi shirinliklardan iborat "Prezident sovg‘alari"ni topshirdi.
Shundan so‘ng, "Prezident sovg‘alari" yuklangan avtokarvon tumanlarga kuzatildi. Bugun barcha hududlarda ushbu sovg‘alar o‘z egalariga tantanali ravishda topshiriladi.









