"Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturi doirasidagi loyihalar taqdimoti ko‘rib chiqildi
2025-12-23 18:20:00 / Yangiliklar

Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda ilk bor kambag‘allik darajasini baholash tizimi joriy etilib, aholini kambag‘allikdan chiqarish ishlarini manzilli va samarali tashkil etish maqsadida "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturi tasdiqlangan.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Muzrabot tumani Yangi Diyor mahallasida joylashgan "Agroservis" MCHJ hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Ushbu mahallada "Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla" konsepsiyasi asosida infratuzilmani yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda aholi bandligini ta’minlash orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.
Shundan so‘ng, Angor tumanida joylashgan "Angor karvonsaroy" savdo kompleksida Surxondaryo viloyati "Kambag‘allikdan chiqarish markazi"ni tashkil etish loyihasi ko‘rib chiqildi. Mazkur markazga jalb etiladigan kambag‘al oilalar a’zolari yetakchi tadbirkorlarga biriktirilib, "soha bilimlari – infratuzilma – ishlab chiqarish – daromad" tamoyili asosida o‘qitiladi. Shuningdek, markaz faoliyati doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar bilan ham tanishildi.
Viloyat rahbari taqdim etilgan loyihalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berib, yil yakuniga qadar "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturi doirasida belgilangan rejalarning to‘liq ijrosini ta’minlash, belgilangan maqsadlarga erishish vazifalarini topshirdi.






