Surxondaryoning turizm va investitsiyaviy salohiyati "CITM–2025" xalqaro turizm yarmarkasida keng namoyish etildi
2025-12-22 15:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 19-21-dekabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Xayko shahrida bo‘lib o‘tgan nufuzli "CITM–2025" xalqaro turizm yarmarkasida Surxondaryo viloyati delegatsiyasi faol ishtirok etdi.
Dunyoning 50 dan ortiq mamlakatidan turizm sohasi vakillari ishtirok etgan mazkur xalqaro maydonda Surxondaryo viloyatining boy turizm hamda investitsiyaviy salohiyati keng jamoatchilikka taqdim etildi. Yarmarka doirasida viloyatning tarixiy-madaniy merosi, muqaddas ziyoratgohlari, ekoturizm, shuningdek, sog‘lomlashtirish va dam olish turizmi yo‘nalishlaridagi imkoniyatlari keng targ‘ib qilindi.
Tadbir davomida Surxondaryo viloyati delegatsiyasi tomonidan xorijiy turkompaniyalar va turizm assotsiatsiyalari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilib, viloyatga sayyohlar oqimini oshirish, qo‘shma turistik mahsulotlar ishlab chiqish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan qator kelishuvlarga erishildi.
Ma’lumot o‘rnida, "CITM" xalqaro turizm yarmarkasi jahon turizm bozori ishtirokchilarini birlashtiruvchi nufuzli platforma hisoblanadi. Ushbu yarmarkada ishtirok etish Surxondaryo viloyatining xalqaro turizm xaritasidagi o‘rnini yanada mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekistonning umumiy turizm va investitsiyaviy salohiyatini keng jamoatchilikka targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.









