Surxondaryo viloyati hokimi U.Qosimovning qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari hamda kelgusi yilgi vazifalar bo‘yicha MUROJAATI
2025-12-17 09:40:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum hurmatli vohadoshlar, qadrli dehqon va fermerlar, suvchi va chorvadorlar hamda barcha qishloq xo‘jaligi xodimlari.
Avvalambor, Sizlarni “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni” bilan tabriklayman.
Aziz vahodoshlar!
Hurmatli Prezidentimiz tomonidan sohaga katta e’tibor qaratilib, dehqonlarning mehnatini qadrlash, og‘irini yengil qilish, daromadlarini oshirish uchun ko‘plab imtiyozlar, subsidiyalar berilmoqda, sohaga ilm va zamonaviy xorijiy texnologiyalar va texnikalar olib kelinmoqda.
Xususan, klasterlar tizimi joriy etildi, davlat buyurtmasi to‘liq bekor qilinib, mahsulot yetishtirish va sotish bozor prinsipi mexanizmlarga o‘tildi, mahsulot yetishtirish uchun imtiyozli kredit hamda subsidiyalar berilmoqda.
Natijada, viloyatimizda:
Paxtachilikda, o‘rtacha hosildorlik 2020-yilda 27 s/ga bo‘lgan bo‘lsa joriy yilda o‘rtacha hosildorlik 46 s/ga yetkazildi.
12 ta fermer xo‘jaligi 80 sentnerdan, 31 tasi
70-80 sentnerdan, 104 tasi 60-70 sentnerdan, 408 tasi 50-60 sentnerdan hosil yetishtirdi.
G‘allachilikda, joriy yilda o‘rtacha hosildorlik
90 sentnerdan oshib, 2020 yilga nisbatan 25 s/ga ko‘p hosil olindi.
Meva-sabzavotchilikda xam yangi navlar va ekinlarni ekish hamda yiliga 2-3 marta hosil olish hisobiga
1 gektardan olinayotgan hosil va daromad oshmoqda.
Bunda, banan, malina, razmarin, myata, daykon va boshqa serdaromad ekinlarni ekish ishlari boshlandi.
Aholini dehqonchilikka o‘rgatish uchun Termiz tumanida “Tomorqa maktabi tashkil etildi” va kambag‘al reestriga kiritilgan oila a’zolari o‘qitilmoqda.
Texnika sotib olishda berilgan imtiyozlar hisobiga joriy yilda 675 ta, shu jumladan, 62 ta zamonaviy paxta terish mashinalari sotib olindi.
Go‘sht narxini barqarorlashtirish uchun joriy yilda qiymati 20 mln dollarlik 45 ta chorvachilik loyihalari amalga oshirilmoqda.
Ushbu loyihalarda chet davlatlardan 1,5 ming bosh naslli qoramollar hamda Mo‘g‘uliston davlatidan 7 ming bosh qo‘ylar olib kelindi.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari,
Joriy yilning 10 dekabr kuni davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan “Qishloq xo‘jaligi xodimlari” kuni munosabati bilan soha vakillari bilan uchrashuvda dehqonlar uchun yanada ko‘plab imkoniyatlar va imtiyozlar berildi.
Xususan,
-tomchilab sug‘orish texnologiyasini joriy etishga imtiyozli kredit ajratiladi.
-o‘z mablag‘idan paxta va g‘alla yetishtirgan fermerga hosilning 10 foizigacha qismini subsidiya beriladi.
-paxta va g‘allachilik fermerlarning reytingi yuritiladi. Bunda, reytingda yuqori pog‘ona turgan fermerlarga kredit paxta uchun 8 foiz, g‘alla uchun 10 foiz qilib belgilanadi.
-ustoz-shogird tizimi yaratiladi hamda past hosil olgan fermerlar ilg‘or fermerlarga biriktiriladi.
-intensiv bog‘ tashkil qilish uchun 7 yilga 3 yillik imtiyozli davr bilan 14 foizli kredit beriladi.
-Sertifikatlangan ko‘chat sotib olish xarajatining 50 foizi budjetdan to‘lanadi. Meva turiga qarab shpalerlar uchun fermerlarga 20 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi.
-paxta va g‘alla yo‘nalishidagi fermerlarga o‘z yerida chorvachilikni yo‘lga qo‘yish uchun 20 sotixgacha joyda yengil konstruksiyali bino qurishga ruxsat beriladi.
-baliqchilikda chetdan nasldor ona baliq olib kelish xarajatining yarmi qoplab beriladi va boshqa ko‘plab imtiyozlar berilgan.
Qadrli vohadoshlar
Hurmatli Prezidentimiz tomonidan berilgan imtiyozlar va belgilangan topshiriqlar asosida ishlab chiqilgan 2026 yil rejalari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tsam.
Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 43,7 trln so‘mga (o‘sish 103,5 %) yetkazamiz.
Sohada 142,1 ming nafar doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratiladi.
Barcha toifada 33,5 ming gektarda avgust-sentabrda piyoz, sarimsoqpiyoz va “to‘qsonbosti” usulida sabzavotlar ekilib, 711 ming tonna ertaki mahsulotlar yetishtirish kutilmoqda.
5,2 ming gektarda intensiv sabzavot yetishtiriladi va bu maydonlarda hosildorlik 350-400 s/ga yetkaziladi.
1,1 ming ga mevali bog‘, 456 ming gektar tokzorlar barpo etiladi.
505 gektar issiqxonalarda 24 ming tonna mahsulotlari yetishtiriladi.
Paxtachilikda ilg‘or texnologiyalar keng maydonlarda joriy etiladi. Jumladan, 28 ming gektar mahalliy hamda 35 ming gektarga ko‘sak qurti va gerbitsidga chidamli xorijiy navlar ekiladi.
Intensiv agrotexnologiya qo‘llanadigan maydonlar 1,2 barobarga ko‘paytirilib, umumiy maydoni 20,1 ming gektarga yetkaziladi va yangidan tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy etiladi.
Barcha maydonlarda 76x10 sm qo‘shqator sxema joriy etiladi.
Natijada, 63 ming gektar paxta maydonlaridan 326 ming tonna (+34,7 ming tonna) hosil yetishtirish imkoni yaratiladi.
8,3 ming gektarda “ustoz-shogird” tizimi asosida paxta yetishtirish tajribadan o‘tkaziladi. Bunda 105 ta tajribali, fidoiy klaster va fermer xo‘jaliklari “ustoz” sifatida 30 sentnerdan past hosil olgan fermer xo‘jaliklariga biriktiriladi.
Zamonaviy intensiv agrotexnologiyalarni keng joriy etish orqali paxtachilikda hosildorlik 50 sentnerdan oshiriladi, g‘allachilikda esa 100 sentnerga yetkaziladi.
Muzrabot tumanida 11,6 ming gektarda sholi ekilib, 56 ming tonna sholi yetishtiriladi.
Qiymati 414 mlrd so‘mlik 961 ta yangi qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlari sotib olinadi.
Shu jumladan, 52 ta paxta terish mashinalari olib kelinib, paxta yig‘im terimida mexanizatsiya darajasi 24 foizdan 37 foizga yetkaziladi;
41,7 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi;
1 658 km uzunlikdagi ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtiramiz.
Meva-sabzavotni mahsulotlarini qayta ishlash darajasi 14 foizga, go‘shtni qayta ishlash 4 foizga hamda sutni qayta ishlash 16 foizga yetkaziladi.
Quvvati 11,4 ming tonna bo‘lgan 4 ta agrologistika markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Xorijdan 7,5 ming bosh naslli qoramol hamda
7,2 ming bosh qo‘y-echki olib kelinib, ular veterinariya talablariga muvofiq turli kasalliklarga qarshi emlanadi va belgilangan me’yorlar asosida parvarishlash ishlari tashkil etiladi.
Barcha toifa xo‘jaliklarda 200 ming bosh qoramollar identifikatsiya qilinadi.
Umuman, 2026 yilda qishloq xo‘jaligining barcha sohalarida amalga oshiriladigan aniq rejalarni belgilab oldik.
Bu ishlarni tizimli olib borib, dehqon va fermerlarni qo‘llab-quvvatlangan holda barcha rejalarni ortig‘i bilan bajarib, eng asosiy dehqonlarning daromadlarini oshirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshiramiz.
Hurmatli dehqon va fermerlar!
Sizlarni yana bir bor “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni” va “Hosil bayrami” bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Barchangizga mustahkam sihat-salomatlik, xonadoningizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu-baraka, faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Bayramingiz muborak bo‘lsin!
E’tiborlaringiz uchun rahmat.
