Angorda infratuzilmani yaxshilash va "yashil belbog‘" yaratish loyihalari ijrosi o‘rganildi
2025-12-15 21:00:00 / Yangiliklar

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlarga tashrifini Angor tumanida davom ettirib, Kattaqum mahallasida infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi bilan tanishdi. Mahalla nuroniylari va faollari bilan o‘tkazilgan muloqot davomida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Nuroniylar olib borilayotgan bunyodkorlik ishlaridan aholi mamnun ekanini ta’kidlab, qishloq aholisi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan e’tibor uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirishdi.
Ayni paytda mahallada yo‘llar va kommunal tarmoqlar holatini yaxshilash, aholiga zarur xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, yo‘llar yangidan asfaltlanib, ko‘chalarga tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi, shuningdek, salomatlik va veloyo‘laklar barpo etildi.
Shundan so‘ng viloyat rahbari Qoraqir mahallasi hududida, avtomobil yo‘li bo‘ylab tanlab olingan 100 gektar adirlik maydonda "yashil belbog‘" yaratish loyihasi ijrosi bilan tanishdi. Mas’ullar bilan birgalikda daraxt ko‘chatlari ekilib, loyihani sifatli amalga oshirish, ko‘chatlarni parvarishlash va sug‘orilishini ta’minlash bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berildi.






