Qiziriqda avtomagistral yo‘li bo‘yida yirik servis va sanoat markazi ishga tushirildi
2025-12-11 20:20:00 / Yangiliklar

Prezidentimizning hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosi doirasida Surxondaryo viloyatida hokimliklar zaxirasidagi bo‘sh yerlardan samarali foydalanish, shuningdek, kollektor ustini zamonaviy usulda yopish orqali hosil bo‘lgan maydonlarda yirik loyihalarni amalga oshirish ishlari davom etmoqda.
Bugun mazkur loyihalar doirasida Qiziriq tumani Oqjar mahallasidan qiymati 37,5 mlrd so‘m bo‘lgan yirik servis va sanoat markazi foydalanishga topshirildi. Loyiha doirasida 150 ta xizmat ko‘rsatish va servis obyekti, shuningdek, 17 ta sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish sexi tashkil etildi hamda 220 ta ish o'rni yaratildi.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, bunday loyihalarning amalga oshirilishi hududning iqtisodiy barqarorligi va aholi turmush farovonligini oshirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Hokim nuroniylar va mahalla faollari bilan birgalikda obyektlarda yaratilgan sharoitlar, ko‘rsatilayotgan xizmatlar hamda ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishdi. Nuroniylar yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi uchun duo qildi.
Shuningdek, shu hududning o‘zida 4 qavatli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish markazlari, shuningdek, 5 gektar maydonda barpo etiladigan bozor va xizmat ko‘rsatish binolari bo‘yicha loyiha-takliflar taqdimot qilindi. Uchrashuv yakunida loyihalarni hududning holati va iqtisodiy samaradorligi nuqtayi nazaridan yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.







