Qiziriqda xususiy klinika loyihasi bilan tanishildi
2025-12-11 20:15:00 / Yangiliklar

Xususiy sektorga ko‘rsatilayotgan e’tibor va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida, tibbiyot sohasida ham sifatli va zamonaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi xususiy klinikalar soni ortib bormoqda.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Qiziriq tumaniga tashrifi doirasida “Med sity” MCHJ tomonidan tashkil etilayotgan xususiy klinikada yaratilayotgan shart-sharoitlar ham mavjud muammolarni o‘rgandi.
Qiymati 5 mlrd so‘m bo‘lgan mazkur loyiha 2026-yilning birinchi choragida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida 15 ta ish o‘rni yaratilib, aholiga ko‘z kasalliklari, grija va boshqa kasalliklarni aniqlash va davolash, shuningdek terapiya va nevrologiya yo‘nalishlarida tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi belgilangan.
Viloyat rahbari loyiha va klinikadagi sharoitlar bilan tanishar ekan, yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun zamonaviy tibbiy asbob-uskuna va jihozlarni keltirish bo‘yicha tavsiyalarini berdi. Shuningdek, mas’ullarga klinikaning faoliyat boshlashi uchun mavjud muammolarni bir hafta muddatda hal etish bo‘yicha vazifa yuklandi.




