Qurilish muhandisligi laboratoriyasi foydalanishga topshirildi
2025-12-11 15:50:00 / Yangiliklar

Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida “Qurilish muhandisligi” yo‘nalishi uchun zamonaviy laboratoriya markazi ochildi. Ushbu markaz “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida g‘olib deb topilgan taklifga ajratilgan 1,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga qurib bitkazildi.
Markazdagi jihozlar nafaqat zamonaviy, balki qurilish sanoatida real qo‘llaniladigan texnika va uskunalardan iborat bo‘lib, bu yerda talabalar o‘z bilimlarini amaliyotda sinab, puxta ko‘nikmalarga ega bo‘ladi, professor-o‘qituvchilar esa ilmiy tadqiqotlarini yuqori darajada olib borishi mumkin.
Laboratoriyada beton, armatura, asfalt va bitum kabi qurilish materiallari tekshiriladi. Shuningdek, yo‘l qurilishi uchun maxsus uskunalar hamda energiya samaradorligi va temir-beton konstruksiyalarini sifat tekshiruvi uchun zamonaviy testlar o‘tkaziladi.
Yangi laboraboriya ochilishida universitet rektor R.To‘rayev, professor-o‘qituvchilar, bo‘lajak muhandis talabalar ishtirok etdi. Ushbu maskan orqali universitetdagi ilmiy-tadqiqot ishlari rivojlanishi, talabalarni raqobatbardosh mutaxassis sifatida tayyorlash va sanoat bilan hamkorlik yanada mustahkamlanishi ta’kidlandi.









