Muzrabot tumanida chorvachilik loyihasi va agrokompleks faoliyati o‘rganildi
2025-12-09 17:00:00 / Yangiliklar

Prezidentimizning Mo‘g‘uliston davlatiga amalga oshirilgan davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar asosida chorvachilikni rivojlantirish, ushbu davlatdan mayda shoxli mollarni olib kelish va ko‘paytirish loyihalari amalga oshirilmoqda.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning Muzrabot tumaniga tashrifining dastlabki manzilida Mo‘g‘ulistondan olib kelingan 850 bosh naslli qo‘ylarni ko‘paytirish loyihasi tashabbuskorlar va tijorat banki mas’ullari tomonidan taqdimot qilindi. Loyiha doirasida ishlarni sifatli tashkil etish, naslli qo‘ylarni mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish, ilmiy asosda ko‘paytirish va chorvachilik sohasini kengaytirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Shundan so‘ng, Oriyat mahallasida Rossiyaning “Leto” kompaniyasi ta’sischiligidagi “Bless S.R” MCHJ qo‘shma korxonasi tomonidan 200 gektar maydonda tashkil etilgan issiqxona, agrologistika markazi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish faoliyati bilan tanishildi. Yetishtirilgan mahsulotlarni yig‘ish, qadoqlash, saqlash va eksportga yo‘naltirish jarayonlari o‘rganildi.
Mutasaddilarga qo‘shma korxona imkoniyatlari, logistika markazi va eksport saloxiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, hudud aholisi tomorqalarida eksportbop ekinlar yetishtirishni rag‘batlantirish hamda fuqarolarni daromadli mahsulot yetishtirishga o‘rgatish vazifalari yuklandi.








