Surxondaryoda haydovchilar uchun zamonaviy imtihon markazi ish boshladi
2025-11-11 15:55:00 / Yangiliklar

Surxondaryo viloyatida haydovchilik guvohnomasi olish jarayonini yanada qulay va shaffof tarzda tashkil etish maqsadida Termiz tumanida haydovchilarni tayyorlash va imtihondan o‘tkazish markazi foydalanishga topshirildi.
Yangi tartibga ko‘ra, viloyatdagi avtomaktablarda mavjud sharoitlar yetarli sharoitlar yetarli bo‘lmaganligi sababli litsenziya berilmagan. Natijada fuqarolar haydovchilik imtihonini topshirish uchun Qashqadaryo viloyatiga borishga majbur bo‘lishar edi. Endi esa mazkur muammo o‘z yechimini topdi.
Tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, soha mutasaddilari va jamoatchilik faollari ishtirok etdi hamda barcha jarayonlarni ko‘zdan kechirdi.
Yangi markaz bir kunda nazariy jihatdan 800 nafar, amaliy jihatdan esa 400 nafar nomzoddan imtihon olish imkoniyatiga ega. Barcha jarayonlar inson omilisiz, avtomatlashtirilgan elektron tizim orqali amalga oshiriladi.
Umumiy maydoni 3 gektar bo‘lgan avtodrom zamonaviy talablarga javob beradigan o‘quv xonalari, barcha toifadagi transport vositalari uchun moslashtirilgan sinov yo‘laklari hamda zarur infratuzilmalar bilan jihozlangan.
Imtihonlar A, B, C, D, BE, CE va DE toifalari bo‘yicha o‘tkaziladi. Shuningdek, markaz nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun ham qulay sharoitlar va mos avtotransport vositalari bilan ta’minlangan.
Yangi imtihon markazining ishga tushirilishi natijasida aholi boshqa hududlarga borib sarson bo‘lishdan xalos bo‘ladi, haydovchilik guvohnomasi olish jarayoni esa yanada qulay va shaffof tarzda amalga oshiriladi.









