Savol bering, javob beramiz
2025-09-06 17:10:00 / Yangiliklar

Yangi qabul qilingan xodimga vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi qanday to‘lanadi?
Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik (homiladorlik va tug‘ishdan tashqari) nafaqasi miqdori nafaqa tayinlangan kundagi umumiy ish stajiga qarab belgilanadi. Buning uchun xodimning mehnat daftarchasi (yoki elektron mehnat daftarchasi) yoki uning o‘rnini bosuvchi boshqa rasmiy hujjatlar asos qilib olinadi. Korxonada qancha vaqt ishlagani ahamiyatga ega emas.
1. Umumiy ish stajiga qarab to‘lanadigan nafaqa miqdori:
-
8 yilgacha stajga ega xodimlarga – o‘rtacha oylik ish haqining 60% miqdorida;
-
8 yil va undan ortiq stajga ega xodimlarga – 80% miqdorida;
-
21 yoshga to‘lmagan chin (sağir) yetimlarga – 80% miqdorida.
(O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31 maydagi 314-son qarori, 1-ilova, 22-band)
2. Quyidagi toifadagi shaxslarga nafaqa o‘rtacha oylik ish haqining 100% miqdorida to‘lanadi:
-
Baynalmilal jangchilarga;
-
16 yoshgacha (o‘quvchilar uchun 18 yoshgacha) bo‘lgan 3 va undan ortiq farzandi bor ota-onalarga;
-
Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan shaxslarga;
-
Chernobil AES avariyasi oqibatida zararlangan hududdan evakuatsiya qilingan va radiatsiya ta’sirida kasallikka chalingan shaxslarga;
-
Mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligi tufayli vaqtinchalik mehnatga layoqatsiz bo‘lganlarga;
-
Pandemiya, texnogen, tabiiy va ekologik favqulodda vaziyatlar sababli karantinga joylashtirilgan va 14 yoshgacha bo‘lgan farzandini parvarish qilayotgan ota-onalarga (shu jumladan vasiy va homiylarga).
Misol: Muhammadjonning umumiy ish staji – 4 yil (ya’ni 8 yilga to‘lmagan). Shu sababli, 314-son VMQning 1-ilovasi 22-bandiga muvofiq, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi o‘rtacha ish haqining 60% miqdorida to‘lanadi. Agar uning o‘rtacha maoshi 3 000 000 so‘m bo‘lsa:
3 000 000 × 60% = 1 800 000 so‘m.
U 10 kunlik ta’til olgan bo‘lsa: 1 800 000 / 30 = 60 000 so‘m (kunlik).
Jami nafaqa: 60 000 × 10 kun = 600 000 so‘m.
O‘ktamjon Ergashev – So‘x tumani adliya bo‘limi bosh maslahatchisi
