Korrupsiya — davlatni tanazzulga etaklovchi yo‘l
2025-09-03 16:25:00 / Yangiliklar

unyo mamlakatlari orasida eng keng tarqalgan jinoyatlardan biri korrupsiya hisoblanadi. Shu boisdan ham “Korrupsiya — jamiyat taraqqiyotining kushandasidir”, deb ta’kidlanadi.
So‘x tumani hokimligi majlislar zalida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimligi guruh rahbari Yusufjon Kamolov, So‘x tumani hokimi Sayidbahrom Sayidmusaev, tuman prokurori Sadirali Mirzokarimov hamda tumandagi tashkilot va muassasalar rahbarlari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda korrupsiyaning salbiy oqibatlari, uning jamiyat va davlat taraqqiyotiga solayotgan xavf-xatarlar, bu illatga qarshi murosasiz kurashish zarurligi haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, davlat xizmatchilari o‘rtasida halollik, to‘g‘rilik va shaffoflik tamoyillarini mustahkamlash, inson qadri va qimmatini zaiflashtiruvchi illatlardan biri – korrupsiyaga qarshi kurash eng zarur va eng ustuvor vazifa ekani alohida ta’kidlandi.
Farg‘ona viloyati hokimligi vakili tomonidan “Davlat xizmatchilari o‘rtasida korrupsiyaga qarshi toqatsiz va murosasiz munosabatni kuchaytirish” mavzusida ma’ruza-taqdimot o‘qib eshittirildi. Unda, ayniqsa, soha va tarmoqlarda raqamlashtirishni keng joriy etish, inson omili aralashuvini cheklash, ochiqlikni ta’minlash hamda profilaktik choralarni kuchaytirish orqali korrupsiyaning oldini olish mumkinligiga e’tibor qaratildi.
Muloqot davomida hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida korrupsiya eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri ekani qayd etildi. Bu baloga qarshi kurashish va uning tomirini qopqorish har bir davlat xizmatchisining burchi ekani ta’kidlandi. Shu bilan birga, korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan har bir shaxs qonun oldida javobgarlikka tortilishi, bunday holatlar mahallada keng muhokama qilinishi va jinoyatlar jazosi qolmasligi alohida urg‘u bilan aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusaev o‘z nutqida korrupsiya xavfi saqlanib qolayotgan yo‘nalishlarda ochiqlikni ta’minlash, hamkor tashkilotlarning mas’uliyatini kuchaytirish va qonuniylikni ta’minlash orqali bu illatga barham berish mumkinligini ta’kidladi. Shuningdek, ishtirokchilarga davlat fuqarolik xizmatchilari etikasi bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjatlar va uslubiy tavsiyalar taqdim etildi.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati









