🏟 MAHALLALARDA ZAMONAVIY SPORT MAYDONCHALARI BARPO ETISH UCHUN JOYLAR O‘RGANILMOQDA
2026-09-25 14:10:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF–116-sonli “Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish doirasida mahallalarda bolalar va sport maydonchalarini tashkil etish vazifasi belgilangan.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida So‘x tumanida ham amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, Yangiariq va Oftobro‘ mahallalarida yangi sport maydonchalarini barpo etish uchun maqbul yer maydonlarini tanlash bo‘yicha joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari tashkil etildi.
O‘rganish jarayonlarida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi So‘x tumani bo‘limi rahbari Qosimjon Haydarov, kadastr organi xodimlari hamda mahalla yettiligi vakillari ishtirok etdi.
Mutasaddilar tomonidan sport maydonchasi uchun taklif etilayotgan hududlarning joylashuvi, yer maydonining holati, aholi, ayniqsa, yoshlar uchun qulayligi va xavfsizligi, shuningdek, kelgusida undan samarali foydalanish imkoniyatlari atroflicha o‘rganilmoqda.
Bunday sport maydonchalarining tashkil etilishi mahalla yoshlarining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga xizmat qiladi.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati


