#Xalqaro_hamkorlik
2026-09-16 14:10:00 / Yangiliklar

SO‘X — OMSK: HAMKORLIK AMALIY LOYIHALAR SARI
Yaqinda So‘x tumani hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev boshchiligidagi tuman delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasi Omsk viloyatiga amaliy tashrifi doirasida qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgan edi.
Bugun mazkur muzokaralarning mantiqiy davomi sifatida videokonferensaloqa orqali navbatdagi muloqot tashkil etildi. Unda Omsk viloyati mutasaddilari, So‘x tumani hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev, tuman hokimi o‘rinbosarlari hamda loyihalarni amalga oshirish istagidagi mahalliy tadbirkorlar ishtirok etdi.
Muloqotning asosiy mavzusi — so‘xlik tadbirkorlar tomonidan Omsk viloyatida sabzavotchilik va chorvachilik yo‘nalishida investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari bo‘ldi.
Omsk tomoni investorlar uchun tayyorlangan aniq takliflarni taqdim etdi. Jumladan, sabzavotchilik uchun 168,3 gektar, chorvachilik uchun qariyb 200 gektar yem-xashak yeri hamda ferma tashkil etish uchun 20 gektarga yaqin yer maydoni taklif etilmoqda. Shuningdek, yerlarni ijaraga olish, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish, soliq tizimi va auksion jarayonlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.
Tomonlar loyihalarni amaliy bosqichga olib chiqish, tadbirkorlarning takliflarini shakllantirish va keyingi tashkiliy chora-tadbirlarni belgilab olish yuzasidan fikr almashdilar.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati






