HUSHYOR MAHALLASIDA 34,5 MILLIARD SO‘MLIK 15 TA LOYIHA AMALGA OSHIRILADI
2026-08-29 12:00:00 / Yangiliklar

So‘x tumanida mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish hamda mavjud muammolarni bosqichma-bosqich hal etishga qaratilgan ishlar Hushyor mahalla fuqarolar yig‘inida ham keng ko‘lamda davom etmoqda.
2026–2028-yillar davomida Hushyor mahallasida jami 15 ta loyihani amalga oshirish uchun 34,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Loyihalar doirasida, avvalo, aholi hayoti uchun muhim bo‘lgan muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini yaxshilashga asosiy e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, sel yo‘llarini rekonstruksiya qilish uchun 11,9 milliard so‘m, ichimlik va sug‘orish suvi tizimlarini qurish va yangilash uchun 11,29 milliard so‘m, ichki yo‘llarni asfaltlash va ta’mirlash uchun 4,07 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, mahallada 120 o‘rinli yangi maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish uchun 6 milliard so‘m, elektr ta’minoti obyektlarini yaxshilash uchun 1,05 milliard so‘m, ichki ariqlarni betonlash va obodonlashtirish ishlariga esa 230 million so‘m yo‘naltiriladi.
Mablag‘lar yillar kesimida ham bosqichma-bosqich o‘zlashtiriladi. Xususan, 2026-yilda 9 milliard 495,6 million so‘m, 2027-yilda 20 milliard 450 million so‘m, 2028-yilda 4 milliard 600 million so‘mlik ishlar amalga oshirilishi belgilangan.
Loyihalarning amalga oshirilishi natijasida sel va toshqin xavfi kamayadi, aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi yaxshilanadi, ichki yo‘llar holati sezilarli darajada yaxshilanadi, elektr ta’minoti barqarorligi oshadi hamda bolalar uchun yangi maktabgacha ta’lim muassasasi barpo etiladi.
Mazkur loyihalar Hushyor mahallasi qiyofasini yangilash, aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash va hududni kompleks rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati
