🇺🇿🇷🇺 SO‘X DELEGATSIYASI OMSK VILOYATI TUMANLARIDA QISHLOQ XO‘JALIGI IMKONIYATLARINI O‘RGANDI
2026-08-28 17:00:00 / Yangiliklar

So‘x tumani delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasi Omsk viloyatiga amaliy tashrifi doirasida qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan navbatdagi o‘rganish ishlari amalga oshirildi.
Delegatsiya a’zolari hamda So‘x tumanidan tashrif buyurgan tadbirkorlar Omsk viloyatining Gorkiy va Tavricheskiy tumanlarida bo‘lib, hududlardagi mavjud qishloq xo‘jaligi salohiyati bilan yaqindan tanishdilar.
Xususan, foydalanilmayotgan ekin va yaylov yer maydonlari, shuningdek, bo‘sh turgan chorvachilik komplekslari joyiga chiqqan holda ko‘zdan kechirildi.
O‘rganishlar davomida yer maydonlarining holati, ulardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda samarali foydalanish imkoniyatlari, chorvachilikni yo‘lga qo‘yish, mavjud infratuzilmadan foydalanish hamda kelgusida investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ayniqsa, so‘xlik tadbirkorlarning mazkur hududlarda dehqonchilik va chorvachilik yo‘nalishlarida faoliyat yuritishi, mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va o‘zaro savdo aloqalarini kengaytirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar atroflicha o‘rganildi.
Tashrif davomida mahalliy mutasaddilar bilan istiqbolli loyihalar, yer maydonlaridan foydalanish shartlari hamda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur amaliy o‘rganishlar So‘x tumani va Omsk viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamda qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, tadbirkorlar uchun yangi bozor va ishlab chiqarish imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati








