ISTIQLOLNING 35 YILLIK SHODIYONASI SO‘XDA KENG NISHONLANDI
2026-08-27 20:50:00 / Yangiliklar

So‘x tumanida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi xalqimizga xos shukrona, yuksak iftixor va ko‘tarinki bayramona ruhda keng nishonlandi.
Bayramona bezatilgan tuman markaziy o‘yingohi shu kuni chin ma’noda katta tantana maskaniga aylandi. Qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidan tashrif buyurgan mehmonlarni tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Ilhomjon Tojiboyev va tuman mutasaddilari samimiy kutib oldilar.
Tadbir doirasida sport majmuasi hovlisida tashkil etilgan ko‘rgazmalar ham bayram shukuhiga alohida fayz bag‘ishladi. Tadbirkor xotin-qizlar, maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari xodimlari tomonidan tayyorlangan ijodiy ishlar, milliy hunarmandchilik namunalari va turli namoyishlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, mehmonlar so‘xlik nuroniylar bilan samimiy muloqot qildilar.
Tantananing rasmiy qismida Ilhomjon Tojiboyev yurtdoshlarimizni qutlug‘ sana bilan muborakbod etib, mamlakatimizda, xususan, So‘x tumanida davlatimiz rahbarining alohida e’tibori asosida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari haqida to‘xtaldi.
Bayram “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oya ostida davom etdi.
Sahnada istiqlolni, Vatanni va tinchlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi. Viloyat markazidan tashrif buyurgan yosh ijodkorlar, san’atkorlar hamda so‘xlik hofizlar ijrosidagi konsert dasturi, milliy raqslar va sahnaviy chiqishlar bayram ishtirokchilariga unutilmas taassurotlar ulashdi.
Tadbir davomidagi har bir kuy, har bir qo‘shiq va har bir tabassumda 35 yillik mustaqillikning shukronasi, Vatanga muhabbat va ertangi kunga ishonch mujassam edi.
Bayram yakunida osmonni yoritgan mushakbozlik esa yubiley tantanasiga yanada ulug‘vorlik bag‘ishlab, ishtirokchilar xotirasida yorqin lahzalarni muhrladi.
Istiqlolning 35 yillik shodiyonasi So‘xda yurtga muhabbat, tinchlikka shukrona va millatlararo do‘stlik ruhida keng nishonlandi.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati









