🇺🇿🇷🇺 SO‘X DELEGATSIYASI «AGROОMSK–2026» KO‘RGAZMA-YARMARKASIDA ISHTIROK ETMOQDA
2026-08-26 18:25:00 / Yangiliklar

Omsk viloyatiga amaliy tashrif bilan borgan So‘x tumani delegatsiyasi bugun Omsk shahridagi Korolyov bog‘ida tashkil etilgan «AgroOmsk–2026» qishloq xo‘jaligi ko‘rgazma-yarmarkasida ishtirok etdi.
So‘x tumani hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev boshchiligidagi delegatsiyaning Omsk viloyati gubernatori Vitaliy Xotsenko bilan muloqoti ham bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida hududlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi, investitsiya va tadbirkorlik yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
🌾 «AgroOmsk–2026» ko‘rgazmasida zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari, chorvachilik yo‘nalishidagi yangiliklar, qayta ishlash sanoati mahsulotlari, ilmiy ishlanmalar va agrosanoat sohasidagi innovatsion yechimlar namoyish etilmoqda. Shuningdek, ko‘rgazma doirasida soha mutaxassislari ishtirokida seminarlar, davra suhbatlari va ishbilarmonlik muloqotlari tashkil etilgan.
So‘xlik mehmonlar ko‘rgazma maydonlarini ko‘zdan kechirib, qishloq xo‘jaligida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar, texnika va uskunalar, mahsulot yetishtirish hamda qayta ishlash borasidagi ilg‘or tajribalar bilan yaqindan tanishdilar.
Ayniqsa, So‘x tumanida intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirish, suv tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, kartoshka va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hajmini oshirish, chorvachilik hamda mahsulotlarni qayta ishlash yo‘nalishlarida Omsk tajribasini o‘rganish va kelgusida o‘zaro manfaatli loyihalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Ayni damda So‘x tumani delegatsiyasining Omsk viloyatidagi amaliy tashrifi davom etmoqda. Tashrif doirasida mahalliy tadbirkorlar, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari va investorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, istiqbolli hamkorlik loyihalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati









