#Islohotlar_amalda
2026-08-24 08:10:00 / Yangiliklar

SO‘X TA’LIMI: NATIJA VA YANGI VAZIFALAR
So‘x tumanida ta’lim sohasini rivojlantirish, muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
2025–2026-yillarda tumandagi 5 ta umumta’lim maktabida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, mazkur maqsadlarga 41,6 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada 776 ta yangi o‘quvchi o‘rni va 3 ta sport zali yaratildi. Maktabgacha ta’lim tizimida esa 3,9 mlrd so‘m mablag‘ hisobidan 120 o‘rinli yangi muassasa barpo etildi.
Joriy yilda yana 10 ta maktabda qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlari olib borilmoqda. Bu maqsadlar uchun jami 52,2 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.
Ta’lim sifati bo‘yicha ham ijobiy natijalar qayd etilmoqda. 2025–2026-o‘quv yilida 1255 nafar bitiruvchidan 71 nafari oltin, 1 nafari kumush medal bilan maktabni tamomladi. 8 nafar bitiruvchi muddatidan oldin oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘ldi, 477 nafar o‘quvchi esa turli fanlar va til bilish bo‘yicha sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Fan olimpiadalarining viloyat bosqichida 10 nafar o‘quvchi munosib natijalarga erishdi. Shuningdek, tuman maktablari sport musobaqalarida ham viloyat miqyosida g‘olib va sovrindorlar safidan joy olmoqda.
Pedagoglar malakasini oshirish va ularni moddiy rag‘batlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugun tumandagi 851 nafar, ya’ni 56,5 foiz o‘qituvchi malaka toifasiga ega. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 8,4 foizga o‘sgan.
Maktabgacha ta’lim qamrovi 2026-yilda 70,1 foizni tashkil etmoqda. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 77,4 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Yangi oilaviy bog‘chalar va qo‘shimcha guruhlarni tashkil etish orqali qamrovni yanada kengaytirish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, tumandagi 2 ta umumta’lim maktabida inklyuziv ta’lim yo‘lga qo‘yilib, alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Bugungi bosqichda asosiy maqsad — yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, ta’lim sifatini yanada oshirish, pedagoglar salohiyatini yuksaltirish va o‘quvchilarning bilim hamda natijadorlik ko‘rsatkichlarini yaxshilashdan iborat.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati
