JAMOAT XAVFSIZLIGI VA OSOYISHTALIK — DOIMIY E’TIBORDA
2026-08-15 13:20:00 / Yangiliklar

So‘x tumanida jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Tuman IIB huzuridagi qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tadbirlari doirasida mahallalar, savdo shoxobchalari hamda aholi gavjum hududlarda fuqarolar bilan ochiq muloqotlar va targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Tadbirlar davomida fuqarolarga shaxsiy va mol-mulk xavfsizligini ta’minlash, xonadonlar va tadbirkorlik obyektlarini texnik qo‘riqqa topshirish, shuningdek, signalizatsiya va videokuzatuv tizimlaridan samarali foydalanish orqali xavfsizlikni mustahkamlash yuzasidan zarur tavsiyalar berilmoqda.
Shu bilan birga, aholining murojaatlari tinglanib, jamoat xavfsizligini ta’minlashga doir taklif va mulohazalari o‘rganilmoqda.
Mazkur profilaktik tadbirlar tumanda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda aholi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati



