IQTISODIY SUDLAR: SAMARADORLIK VA TAKOMILLASHUV
2026-09-08 15:35:00 / Yangiliklar

Sudlar zimmasiga davlat hokimiyatining bo‘g‘inlaridan biri – sud hokimiyatini amalga oshirish kabi yuksak, shu bilan birga mas’uliyatli vazifa yuklatilgan.
O‘zbekiston Respublikasida sud tizimi vakolatlari, vazifa va maqsadlariga ko‘ra farqlanadigan fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritadigan sudlar majmuidan iborat bo‘lib, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, odil sudlovni samarali ta’minlash borasida iqtisodiy sudlarning alohida o‘rni borligini ta’kidlab o‘tish joiz.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 21-avgustda qabul qilingan “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-140-son Farmoniga ko‘ra, iqtisodiy sudlar tuzilmasini optimallashtirish orqali ular faoliyati samaradorligini oshirish va yagona sud amaliyotini shakllantirish kelgusidagi asosiy maqsadlardan biri etib belgilangan.
Darhaqiqat, iqtisodiy sudlar tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish, ularni zamon talablariga mos ravishda takomillashtirib borish zarurati yuzaga kelgan edi. Chunki tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlarida ish yuklamasi turlicha va bir xil emas, bu esa o‘z navbatida sud qarorlari sifatiga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi.
Sudlar faoliyatida raqamli texnologiyalarning joriy etilishi, jumladan, elektron ariza berish, sud qarorlarini elektron shaklda olish, videokonferensiya orqali masofaviy ishtirok etish imkoniyatlari kengaytirilgan.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab iqtisodiy sudlarni maqbullashtirish orqali tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari tugatilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo iqtisodiy sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Shu jumladan, Farmon bilan Farg‘ona viloyatida mavjud bo‘lgan 5 ta tumanlararo (tuman) iqtisodiy sudlari tugatilib, viloyat markazida Farg‘ona tumanlararo iqtisodiy sudi (manzil: Farg‘ona shahri, Al-Farg‘oniy ko‘chasi, 47-uy, pochta indeksi 150100, telefon raqami +998 (73) 249-15-31) faoliyat yuritib kelmoqda.
Bu o‘zgarishlar orqali iqtisodiy sudlar faoliyatida quyidagi natijalarga erishiladi:
· sudlar amaliyoti standartlashib, yagona sud amaliyoti shakllanadi;
· sudlarning ish yuritish tartib-taomillari bir xillashib, ishlarni ko‘rish sifati, tezligi oshadi;
· sudlardagi mavjud resurslardan to‘g‘ri foydalanilib, samaradorlik oshadi;
· yangi tashkil etilayotgan tumanlararo iqtisodiy sudlar iqtisodiyot sohasida qonuniylikni mustahkamlash, tadbirkorlar huquqini himoya qilishda yagona maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida, iqtisodiy sudlar tuzilmasini optimallashtirish orqali davlat siyosatining asosiy maqsadlaridan biri bo‘lmish odil sudlovni ta’minlash, shuningdek, tom ma’noda sud-huquq sohasidagi islohotlarning yangi bosqichini boshlab beradi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Sh. Zayniyev — Farg‘ona tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi
