📌 RESPUBLIKA ISHCHI GURUHI TOMONIDAN TA’LIM MUASSASALARIDAGI SHAROITLAR O‘RGANILDI
2026-07-18 19:45:00 / Yangiliklar

Tumanimizda faoliyat olib borayotgan Respublika ishchi guruhi mas’ullari ishtirokida bugun ham hududlardagi o‘rganish ishlari davom ettirildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari tumandagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi, 8-sonli va 15-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablari hamda bolalar yozgi sog‘lomlashtirish oromgohida bo‘ldilar.
O‘rganish jarayonida ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi, o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim-tarbiya jarayonining tashkil etilishi hamda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati ko‘zdan kechirildi.
Ishchi guruh a’zolari maktab ma’muriyati va pedagoglar bilan muloqot qilib, ularni qiynab kelayotgan muammolar, mavjud ehtiyojlar hamda yechimini kutayotgan masalalarni o‘rgandilar. Aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilash zarurligi qayd etilib, ta’lim va tarbiya sifatini yanada oshirish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, ishchi guruh vakillari Hazrati Ali mahalla fuqarolar yig‘ini binosining ikkinchi qavatida tashkil etilgan “Kamelot” o‘quv markazi filialida bo‘lib, markazda yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
Tashrif davomida o‘quv markazi hamda mahalla negizida yangi tashkil etilgan kutubxonaga 800 dona badiiy adabiyotlar to‘plami taqdim etildi. Mazkur kitoblar yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning bilim va dunyoqarashini boyitishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Bolalar yozgi sog‘lomlashtirish oromgohida o‘tkazilgan tadbirda esa bolajonlar tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiqlar, she’rlar va turli madaniy chiqishlar namoyish etildi. Bolalar o‘z iqtidor va iste’dodlarini mehmonlarga ko‘tarinki ruhda namoyon etdilar.
O‘rganishlar davomida aniqlangan masalalar bo‘yicha tegishli tashkilotlar ishtirokida amaliy choralar ko‘rish, ta’lim muassasalaridagi sharoitlarni yanada yaxshilash hamda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash rejalashtirildi.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati









