🇺🇿 PREZIDENT QARORI — SO‘X TARAQQIYOTINING YANGI BOSQICHI
2026-07-15 19:45:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-iyuldagi PQ–258-sonli «So‘x tumanini 2026–2028-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mavjud zaxira va imkoniyatlarni ishga solish orqali aholi bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori tuman hayotida yangi taraqqiyot bosqichini boshlab berdi.
Mazkur qarorda So‘x tumanini kompleks rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish, infratuzilmani yaxshilash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan alohida bandlar belgilangan.
Qaror loyihasini tayyorlashning dastlabki bosqichida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan ishlar qiymati 280 milliard so‘mni tashkil etgan edi. Davlatimiz rahbarining So‘x tumaniga bo‘lgan alohida e’tibori natijasida mazkur ko‘rsatkich qariyb 1 trillion 250 milliard so‘mga yetkazildi.
Qarorning mazmun-mohiyati va unda belgilangan vazifalarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida So‘x tumani hokimligi majlislar zalida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Unda tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusaev, qaror loyihasini tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etgan respublika vakili, sektorlar, korxona va tashkilotlar rahbarlari, mahalla faollari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusaev davlatimiz rahbarining So‘x tumani va uning aholisiga ko‘rsatayotgan yuksak e’tiborini alohida ta’kidladi.
Qarorda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun barcha so‘xliklar bir tan-u bir jon bo‘lib, hamjihatlikda harakat qilishi zarurligi qayd etildi.
Shundan so‘ng tuman Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Zayliddin Iskandarov ishtirokchilarga qarorning mazmun-mohiyati, unda belgilangan maqsad va vazifalarni bandma-band tushuntirib berdi.
Qarorning har bir bandi tumanning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, aholi turmush darajasini yuksaltirish va So‘xning mavjud imkoniyatlarini to‘liq ishga solishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Darhaqiqat, Prezidentimizning yuksak e’tibori va g‘amxo‘rligi tufayli bugun So‘x o‘z taraqqiyotining mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda.
Endilikda oldimizda turgan eng muhim vazifa — qarorda belgilangan har bir loyiha va tashabbusni amaliy natijaga aylantirish, yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda tumanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishdan iborat.
Zero, Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lida fidokorona mehnat qilish har birimizning ham qarzimiz, ham farzimizdir.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati









