📍 HAMKORLIKDAGI QO‘MONDONLIK-SHTAB O‘QUV MASHQI NATIJALARI MUHOKAMA QILINDI
2026-07-15 19:25:00 / Yangiliklar

Bugun So‘x tumani hokimligi majlislar zalida tumanda o‘tkazilgan hamkorlikdagi qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqi natijalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusaev, Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mas’ullari, tumandagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, qutqaruv xizmatlari, tegishli tashkilotlar vakillari hamda mahallalar yettiligi ishtirok etdi.
Tadbir avvalida so‘zga chiqqan tuman hokimi mazkur o‘quv mashqi, eng avvalo, favqulodda vaziyatlarda aholi hayoti va salomatligini muhofaza qilish, mavjud kuch va vositalarning shayligini sinovdan o‘tkazish hamda mas’ul tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, o‘quv mashqi davomida davlat boshqaruvi organlari, qutqaruv xizmatlari va tegishli tashkilotlarning favqulodda vaziyatlarda tezkor harakatlanishi, vazifalarni muvofiqlashtirilgan holda bajarishi, kuch va vositalardan samarali foydalanish darajasi amalda sinovdan o‘tkazildi.
Shundan so‘ng Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mas’ullari tomonidan o‘quv mashqi natijalari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Jarayonda erishilgan natijalar, aniqlangan kamchiliklar va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Tadbir yakunida hamkorlikdagi qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishda faollik hamda namuna ko‘rsatgan bir guruh mas’ul xodimlarga Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va So‘x tumani hokimligining tashakkurnomalari topshirildi.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati









