📍 Saribozorcha mahallasida sayyor qabul o‘tkazildi
2026-07-15 17:00:00 / Yangiliklar

Bugun Saribozorcha mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 5-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida So‘x tumani hokimi Sayidbahrom Sayidmusaev rahbarligida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi.
Sayyor qabulda tuman prokurori Sadirali Mirzokarimov, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Qosimjon Rahimberdiev, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Rashidjon Mamajonov, shuningdek, tegishli tashkilot va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida tuman hokimi so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-iyuldagi PQ–258-sonli qarori So‘x tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shu bilan birga, qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda aholining faol ishtiroki, hamjihatlik va birgalikdagi mehnat muhim o‘rin tutishini qayd etdi. Shuningdek, mahallani obodonlashtirish va infratuzilmani yanada yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tdi.
Qabul davomida fuqarolar tomonidan ijtimoiy himoya, bandlik, kommunal xizmatlar, yer munosabatlari, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha murojaatlar bildirildi.
Har bir murojaat mas’ullar ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqilib, joyida hal etish mumkin bo‘lgan masalalar yuzasidan amaliy choralar ko‘rildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan murojaatlar esa nazoratga olinib, ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati









