📍 PREZIDENT QARORI ASOSIDA AMIR TEMUR KO‘CHASI ZAMONAVIY QIYOFA KASB ETADI
2026-07-15 13:40:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-iyuldagi PQ–258-sonli qaroriga muvofiq So‘x tumani markazidagi “Amir Temur” ko‘chasining 3 kilometr qismini kengaytirish va zamonaviy infratuzilmaga ega hududga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi.
Loyiha doirasida:
🚧 avtomobil, piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etiladi;
💧 oqova suv tarmoqlari tortiladi, elektr, gaz va aloqa tarmoqlari tartibga keltirilib, yer ostiga o‘tkaziladi;
🏙 ko‘chaning arxitektura qiyofasi tubdan yangilanib, aholi va tadbirkorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratiladi;
🏪 infratuzilmaning yaxshilanishi hisobiga 200 ta xizmat ko‘rsatish obyekti tashkil etiladi;
👨💼 600 ta yangi ish o‘rni yaratilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, yo‘lni kengaytirish munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni qoplash uchun qonunchilikda belgilangan tartibda kompensatsiya mablag‘lari ajratiladi.
Mazkur loyiha So‘x tumani markazining zamonaviy shaharsozlik talablari asosida rivojlanishi, transport harakatining xavfsizligi va qulayligini ta’minlash hamda hududning iqtisodiy faolligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati
