📡 So‘x tumanida telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish ishlari davom etmoqda
2026-07-13 17:30:00 / Yangiliklar

So‘x tumanida aholini zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlari bilan qamrab olish, yuqori tezlikdagi internet hamda mobil aloqa sifatini yanada yaxshilash maqsadida navbatdagi texnik modernizatsiya ishlari amalga oshirildi.
Sohada olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida So‘x tumani hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev telekommunikatsiya sohasi xodimlari bilan uchrashib, amalga oshirilayotgan loyihalar, yangi qurilayotgan infratuzilma obyektlari hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish yuzasidan suhbatlashdi. Suhbat davomida sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Amalga oshirilgan ishlar doirasida Rovon, Qizilqiyoq va Tul mahallalarida jami 3 ta zamonaviy OLT (Optical Line Terminal) bazasi o‘rnatilib, foydalanishga topshirildi. Natijada tuman bo‘yicha yana 1 536 ta xonadon yuqori tezlikdagi optik tolali internet tarmog‘iga ulanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shuningdek, Rovon mahallasidagi Markaziy ATS hududida UZMOBILE milliy mobil aloqa operatorining yangi tayanch baza stansiyasi o‘rnatilmoqda. Loyiha to‘liq yakunlangach, Rovon, Navobod, Sharqobod, Yangiariq va Oftobro‘ mahallalarida mobil aloqa qamrovi hamda 4G internet sifati sezilarli darajada yaxshilanadi.
Mazkur ishlar aholini sifatli telekommunikatsiya xizmatlari bilan ta’minlash, raqamli infratuzilmani yanada rivojlantirish hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati









