"Cessna-208 Caravan" va L-410: So‘x uchun nega aynan ushbu samolyotlar tanlanmoqda?
2026-07-13 11:50:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-iyuldagi PQ–258-sonli qaroriga muvofiq, So‘x tumanida "Cessna-208 Caravan" hamda L-410 rusumli havo kemalari orqali muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Mazkur havo kemalari dunyoda mintaqaviy aviaqatnovlarni tashkil etishda o‘zini ishonchli va samarali transport vositasi sifatida namoyon etgan.
Cessna-208 Caravan
"Cessna-208 Caravan" AQSHning Textron Aviation kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bir dvigatelli turbovintli samolyot bo‘lib, qisqa masofalarda yo‘lovchi va yuk tashish uchun mo‘ljallangan.
Uning asosiy afzalliklari quyidagilardan iborat:
-
9–14 nafar yo‘lovchini tashish imkoniyati;
-
qisqa uchish-qo‘nish yo‘laklarida samarali harakatlana olishi;
-
tog‘li va chekka hududlarda ishlashga moslashtirilganligi;
-
ekspluatatsiya xarajatlarining nisbatan pastligi;
-
yuqori darajadagi ishonchlilik va xavfsizlik.
Mazkur samolyot bugungi kunda AQSH, Kanada, Avstraliya, Indoneziya, Afrika davlatlari hamda boshqa ko‘plab mamlakatlarda mahalliy aviaqatnovlarda keng foydalanilmoqda.
L-410 Turbolet
L-410 Chexiyada ishlab chiqariladigan ikki dvigatelli turbovintli samolyot bo‘lib, mintaqaviy aviaqatnovlar uchun yaratilgan.
Uning ustunliklari:
-
19 nafargacha yo‘lovchi tashish imkoniyati;
-
qisqa va tayyorlanmagan aerodromlarga ham qo‘na olishi;
-
tog‘li hududlarda barqaror parvoz xususiyati;
-
ikki dvigatelli konstruksiyasi tufayli xavfsizlik darajasining yuqoriligi;
-
yo‘lovchi bilan bir qatorda yuk tashish imkoniyati.
L-410 samolyotlari Markaziy Osiyo, Yevropa, Rossiya hamda boshqa qator davlatlarda mahalliy havo qatnovlarida muvaffaqiyatli qo‘llanib kelinmoqda.
So‘x uchun maqbul tanlov
Mutaxassislar fikricha, ushbu ikki turdagi havo kemasi qisqa masofali, tog‘li va chekka hududlarda aviaqatnovlarni tashkil etish uchun eng maqbul variantlardan hisoblanadi. Ular nisbatan qisqa uchish-qo‘nish yo‘laklarida ham samarali foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lib, mahalliy aholiga tezkor va qulay transport xizmatlarini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezident qarorida nazarda tutilgan mazkur tashabbus amalga oshirilishi natijasida So‘x tumanining transport imkoniyatlari kengayib, aholining harakatlanish qulayligi, turizm salohiyati hamda iqtisodiy faolligi yanada oshishi kutilmoqda.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati

